Kelishuvlarning amalga oshirilishi Oʻzbekistonning eng yirik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va quvvatini kengaytirishga imkon beradi.
Marosimda BAA tomonidan energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl al-Mazrui hamda Mubadala va TAQA kompaniyalari rahbarlari, Oʻzbekiston tomonidan esa Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Energetika vazirligi, “Milliy elektr tarmoqlari” va “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Imzolangan bitimlar Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qoʻshma korxona tashkil etishni nazarda tutadi. BAA kompaniyalarining investitsiyalari qoʻshma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun toʻlov hamda ilgari “Talimarjon IES” AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 million dollarlik kreditlarni toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan iborat. Shunday qilib, BAA kompaniyalari Talimarjon IESga deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda.
Imzolangan bitimlar BAA kompaniyalari uchun Talimarjon IES va boshqa issiqlik elektr stansiyalarini elektr energiyasi ishlab chiqarishning kombinatsiyalashgan tsiklining eng zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari bilan jihozlash orqali ularning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qoʻshimcha investitsiyalar kiritish imkoniyatini beradi.
Ushbu qurilmalar tabiiy gazdan foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligi koeffitsiyenti va atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar darajasi boʻyicha anʼanaviy bugʻ elektr stansiyalaridan bir necha baravar ustundir. Shunday qilib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish Talimarjon IESning texnologik darajasi va ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi, aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obyektlarni barqaror va sifatli elektr toki bilan taʼminlaydi.
Mubadala va TAQA kompaniyalari bilan tuzilgan keng koʻlamli bitimlar Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan elektr energetikasi sohasidagi islohotlar va mamlakatning investitsiyaviy muhitini tubdan yaxshilash, shuningdek, asosiy maqsadi munosib ish haqi toʻlanadigan yuqori texnologiyali ish oʻrinlarini yaratish uchun iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan iborat boʻlgan Oʻzbekistonning izchil tashqi siyosiy kursi natijasidir.
Hamkorlikning navbatdagi bosqichi doirasida BAA kompaniyalari “Talimarjon IES” AJda qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga investitsiyalar kiritadi. Strategik energetika sanoatiga chet el investitsiyalarining faol jalb qilinishi yirik infratuzilma aktivlarini tashqi qarz olish yoʻli bilan moliyalashtirishning anʼanaviy yondashuvini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga oʻzgartirishga imkon beradi va shu bilan respublika tashqi qarzi bilan bogʻliq moliyaviy barqarorlikni va suveren kredit reytingining izchil yaxshilanishini taʼminlaydi.
Maʼlumot uchun: Mubadala Abu-Dabi hukumatiga tegishli boʻlgan va dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan investitsiya kompaniyasi. Kompaniyaning investitsiya portfeli aerokosmik, agrobiznes, AKT, metallga ishlov berish, togʻ - kon sanoati, kommunal xizmatlar kabi sohalardagi loyihalarni oʻz ichiga oladi. Kompaniyaning umumiy aktivlari 250 milliard dollardan oshadi.
TAQA - bu ADQ investitsiya xoldingiga tegishli boʻlgan va dunyoning 11 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadigan energetika sohasidagi kompaniya. Kompaniya aktivlarining umumiy qiymati 80 milliard dollardan oshadi.