Majmuadagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan onkologiya, pediatriya, fizioterapiya va boshqa bo‘limlarga uyushtirilgan tanishtiruvdan so‘ng xoldingning bosh korporativ direktori Hamad Ahmad Al Xosaniy kompaniyaning kelgusidagi rejalari va Markaziy Osiyo bozoriga kirishga bo‘lgan intilishlari haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida qulay joylashuvi, tarixan tabobat rivojlangan hudud bo‘lganligi, qo‘shni davlatlarning tibbiy sohada O‘zbekistonga intilishi hamda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan ochiqlik siyosati xolding kuzatuv kengashi tomonidan O‘zbekiston bozorini chuqurroq o‘rganish yuzasidan qaror qabul qilingani bildirildi.

Jumladan, BAA tomoni amalda faoliyat yuritayotgan xususiy shifoxonalar boshqaruviga sheriklik asosida kirish orqali mavjud quvvatlarni oshirish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash, xoldingning boshqaruv tizimini va raqamlashtirish tizimlarini joriy qilish hamda xolding shifoxonalarida mahalliy xodimlarning malakasini oshirish yuzasidan manfaatdorlik bildirildi. Shuningdek, o‘z biznes imkoniyatlarini kengaytirish, xolding faoliyatini mintaqada targ‘ib qilish hamda  Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun  tibbiy turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahrida  vakolatxona ochish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish so‘raldi.

Yuqoridagilar hisobga olingan holda, mamlakatimiz vakillari tomonidan so‘nggi yillar davomida tibbiyot jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohani rivojlantirish yo‘lidagi ustuvor maqsad va rejalar haqidagi atroflicha maʼlumotlar bayon etilgani barobarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan qator takliflar ham bildirildi.

Uchrashuv so‘nggida joriy yil mart-aprel oylarida BAAdan ishchi guruhning O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish, shu tariqa tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlar va ehtiyojlarni o‘rganish hamda istiqbolli loyihalar bilan joyida tanishish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, shifoxonalar va dorixonalar tarmog‘ini o‘z ichiga olgan “Burjeel holdings” yarim davlat kompaniyasi hisoblanadi. Hozirgi paytda kompaniya BAA, Saudiya Arabistoni, Ummon, Yaman va Hindistonda 15 mingdan ortiq xodimlariga, “Burjeel Hospitals”, “Medeor Hospital”, “LLH Hospital”, “Lifecare Hospital” va “Tajmeel” brendlari ostidagi 39 ta shifoxona va 125 ta tibbiyot markazlariga ega.