Avvallari, mehnatobodlik yoshlar shu hududdagi eski dala shiyponi oʻrnida moslashtirilgan binoda boshlangʻich taʼlimni olishar, yuqori sinflarda oʻqish uchun esa har kuni 4-5 kilometrlik yoʻlni piyoda bosib, qoʻshni qishloqdagi maktabga qatnashar edi. Endi bunga mutlaqo zarurat qolmadi.
Oʻquv xonalari keng, shinam, yorugʻ, barcha zaruriy oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan va eng muhimi, xalqning birdamligi, tashabbuskorligi mevasi boʻlgan yangi maktabning qurilishi koʻp yillik muammoning ijobiy yechimi boʻldi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova ham ishtirok etdi. Oʻquv xonalariga birma-bir kirib, oʻqituvchilar va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi. Ularni yangi maskan bilan tabrikladi. Shuningdek, maktab kutubxonasining ilk kitobxonlaridan boʻldi. Senator maktab kutubxonasiga oʻttizdan ziyod kitob sovgʻa qildi.