Zamonaviy xalqaro munosabatlar sharoitida davlatlararo miqyosda bag'rikenglikni saqlash va mustahkamlash nafaqat ayrim mamlakatlarning orzu-intilishlariga, balki o'zaro hamkorlik aloqalariga ham bog'liqdir.
Qadimda allomalar yurtimizni bag'rikenglik, totuvlik va tinchlikni targ'ib qiluvchi asarlari bilan dunyoga tanitgan bo'lsa, bugun mamlakatimiz chin ma'noda turli millatlar ahil-inoqlikda umr kechirayotgan baxtiyor yurt sifatida barchaning havasini keltirmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, ayni paytda yurtimizda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2238 ta diniy tashkilot, 130 dan ortiq millat vakillarini o'zida jamlangan 140 ga yaqin milliy-madaniy markaz emin-erkin faoliyat ko'rsatmoqda. Bag'rikenglik va totuvlik asosida yuzaga kelgan bugungi tinchlik-osoyishtalik esa O'zbekiston yutuqlarining asosiy poydevori bo'lmoqda.
Ushbu xususiyatlar O'zbekiston ham a'zo bo'lgan SHanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida ham yaqqol ko'rinadi. Bu tashkiloti xalqlarning madaniyatlari, an'analari, urf-odatlari va ma'naviy salohiyatlarining noyob namunasidir.
Hozir ShHT 18 ta davlatni qamrab olgan bo'lib, ushbu hududda 3 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularda 200 ga yaqin millat vakillari yashaydi. Xalqlarimizni umumiy taqdir, tarix, azaliy yaqin do'stona aloqalar va rishtalar birlashtirib turadi. eng muhimi, o'zaro ishonch va bir-birimizga bo'lgan hurmat bizni yanada yaqinlashtiradi.
SHHTning 20 yillik tarixi davomida o'zaro ishonch, teng huquqlilik, bag'rikenglik, totuvlik, madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish va hamkorlikda rivojlanishga intilishni nazarda tutuvchi “SHanxay ruhi” tamoyillariga sodiq qolindi.
Boy madaniy salohiyat, shuningdek, uning turli etnik va diniy tarkibi SHHT makonida bag'rikenglik va hamjihatlik ruhini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.
Millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag'rikenglikni tarannum etish maqsadida Konrad Adenauer jamg'armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi va O'zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi bilan hamkorlikda 2020 - yilning 21 - yanvar` kuni O'zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tashabbusi bilan “Sivilizasiyalar muloqoti: globalizasiya davrida hamjihatlikni va an'anaviy qadriyatlarni saqlash” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o'tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari O'zbekistonda diniy bag'rikenglik va millatlararo do'stlik an'anaviy ekani, bugungi sharoitda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag'rikenglikni ta'minlash nafaqat O'zbekiston, balki dunyodagi barcha mamlakatlar uchun dolzarb masala ekanini, hech qaysi bir sivilizasiyaning ustunlikni, yagonalikni da'vo qilishga haqqi yo'qligini ta'kidladilar. Islom sivilizasiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgan yurtimiz allomalarining ilmiy va ma'naviy merosi to'g'risida, ularning ilm yo'lidagi o'zaro hamkorligi, boshqa din va millat vakillariga nisbatan bag'rikengliklari haqida mulohazalar bildirildi.
Oxirgi yillarda bag'rikenglik, totuvlik va tinchlikni targ'ib qilish borasida Shanxay hamkorlik tashkilotining ahamiyati va salohiyati dunyo miqyosida keskin oshib bormoqda.
Hindiston va Pokiston ShHTning doimiy a'zolari safiga qo'shilgandan so'ng tashkilot Evroosiyoning Xitoy, Rossiya, Hindiston va islom sivilizasiyalari kabi bir necha yirik tamaddun markazlarini birlashtiruvchi makonga ham aylandi.
Bu sivilizasiyalar nafaqat betakrorligi va an'anaviyligi bo'yicha ba'zi umumiy xususiyatlarga ega, balki urf-odatlar, qadriyatlar va turli madaniy amaliyotlar bilan ham ajralib turadi. Agar SHHT kabi xalqaro tashkilotlar, avvalo, siyosiy va iqtisodiy pragmatizmni ko'zlab ish yuritishsa, xalqlar ko'proq qalban yaqinlashadi, bu esa davlat qurilishi va boshqaruvida g'oyalar hamda mafkuraviy tuzilmalarning o'rnini belgilab beradi.
Sportni rivojlantirish bag'rikenglik va hamjihatlik ruhini targ'ib qilish va mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
ShHT doirasida har yili yoga va tayztsi kunlari o'tkaziladi. SHHTning Kun`min` marafoni tashkilot faoliyatida muhim sport tadbiridir. U butun dunyodan o'n minglab odamlarni yig'adi va xalqlar o'rtasidagi integrasiyalashuv, madaniy almashinuv va hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Uning xalqaro maqomi ham mustahkamlanmoqda.
Xulosa tariqasida aytish joizki, turfa din va millat vakillari istiqomat qilgan diyorimizdagi ahillik, birdamlik, totuvlik an'analarni davom ettirish shu zaminda yashayotgan har bir yurtdoshimiz zimmasidagi muqaddas burchdir.
Faxriddin Otbosarov,
O'zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi
markazining madaniy-gumanitar
aloqalar bo'limi boshlig'i.