Xoʻsh, bu borada qanday ishlar qilindi va natijalar qoniqarlimi?
Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida boshlangan anjumanda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi, bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev shu haqda axborot bermoqda.
Uning taʼkidlashicha, koronavirus kasalligining tarqalib ketishiga, avj olishiga qarshi choralar “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning tarqalishi xavfini oldini olish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma talablariga muvofiq amalga oshirildi.
Xususan, saylovchilar va tashrif buyuruvchilar koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olishga qaratilgan niqob taqish qoidasiga qatʼiy amal qilishi, binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun oʻrnatilgan 1,5–2 metr oraliq masofani saqlashi, bir-biri bilan muloqotni kamaytirish maqsadida harakatlanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi chiziqlarga amal qilishi taʼminlandi.
Saylovga tashrif buyurgan har bir ishtirokchining tana harorati binoning kirish qismida biriktirilgan tibbiy xodimlar tomonidan pirometrlar yordamida oʻlchangani, niqobsiz tashrif buyurganlarga binoning kirish qismida bir martalik tibbiy niqob berilishi, antiseptik suyuqlik moslamalaridan foydalanishi asosiy choralardan biri boʻldi.
Saylov oʻtkazishga ajratilgan har bir binoda shamollatish va saylov kunidan oldingi dezinfeksiya tadbirlari toʻliq oʻtkazildi.
Saylov binolarining har birida tibbiy xonalar tashkil etildi va zarur dori-darmon hamda tibbiy vositalar zaxirasi yaratilib, tibbiyot xodimlari faoliyat koʻrsatishi taʼminlandi.