Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvonsaroyida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida diplomatik aloqalarning 30 yilligiga bagʻishlangan rassom Gayane Matevosyanning “Bahor fasli” nomli sumi-ye (Suv, tush, rasm) koʻrgazmasi ochildi.
Ekspozitsiyadan rangtasvirda tush yordamida bajarilgan sumi-ye “Togʻ lolalari”, “Oʻrik guli”, “Shaftoli gullari”, “Navroʻz gullari”, “Bahor gullari”, “Bahor madhi”, “Togʻ olxoʻrisi” kabi koʻtarinki ruhda ishlangan ijod namunalari oʻrin olgan.
Ularda tabiatning uygʻonishi, yurtimizning turli-tuman gullari, zaminimiz neʼmatlarining bahordagi kurtaklari, gullari, kurtak chiqargan Daraxtlarning yosh novdalari, bahor fasli, kecha-kunduzning turli vaqtlari, biz unchalik eʼtibor bermaydigan holatlari tomoshabinga zavq bagʻishlaydi, mushohadaga chorlaydi.
Koʻrgazma joriy yilning 9-apreliga qadar davom etadi.
Hasan Abdunazarov