Koʻrgazmada Habibullo Imomov, Rahmatilla Zokirov, Muhammadjon Ashimov, Bobomurod Haydarov, Azamat Islomov, Usmon Zokirov, Xoji Oxun kabi cholgʻu asbob ustalarining, shuningdek, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidagi “Milliy cholgʻu” ilmiy ishlab chiqarish eksperimental labaratoriyasidan tavsiya qilingan, turli yillarda ustalar tomonidan tayyorlangan badiiy qiymatga ega cholgʻu asboblari namoyish qilinmoqda.

Koʻrgazmaning ochilishidagi davr suhbatlarida aytilganidek, mamlakatimizdagi anʼanaviy cholgʻu asboblari koʻp asrdan oʻtib kelayotgan musiqa madaniyatimizning ajralmas qismi boʻlib, ularning rivojlanishi va tarixini koʻramiz. Yurtimizda puflama, zarbli va torli cholgʻu asboblarining koʻp turlari keng qoʻllaniladi.

Ekspozitsiyadan oʻrin olgan “Dutor”, “Zamonaviy dutor”, “Rubob”, “Anʼanaviy rubob”, “Gʻijjak”, “Chang” va boshqa musiqa asboblari (80 dan ortiq) tomoshabinlarni befarq qoldirmaydi.

Tadbir davomida taniqli ijrochilarning xalq cholgʻu asboblaridan mahorat bilan foydalanib, kuy ijro etishi muxlislarga zavq bagʻishladi.

Koʻrgazma joriy yilning 4-apreligacha davom etadi.

Hasan Abdunazarov