Baltimordagi ko'prikning qulab tushishi oqibatida ko'riladigan kunlik zarar miqdori 9 million dollarni tashkil etadi

    Baltimordagi (AQSh, Merilend shtati) bandargoh faoliyatining to'xtatilishidan ko'riladigan kunlik zarar taxminan 9 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda Newsweek jurnali ma'lum qildi.

    26-mart kuni AQShning eng yirik bandargohlaridan biri bo'lgan Baltimor porti ko'prikning qulab tushishi tufayli o'z faoliyatini to'xtatdi. Jurnalning qayd etishicha, bandargoh faoliyati “15 mingdan ortiq kishini ish bilan ta'minlaydi va yiliga 2,6 milliard dollar daromad keltiradi”.

    Nyu-Yorkdagi Sirakuz universiteti eksperti Patrik Penfildning so'zlariga ko'ra, hodisa tufayli bandargoh ishining to'xtatilishi AQShning “Sharqiy sohilidagi ta'minot zanjirlarida jiddiy uzilishlarga” olib keladi.

    “Ko'pgina ishlab chiqarish korxonalari undan materiallarni tashish uchun foydalanadi. Agar bandargoh ishlamasa, bu jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi”, dedi u. Penfild bandargohining yopilishi yuklarni boshqa joylarga, masalan, Nyu-York bandargohi va Nyu-Jersi yoki Savanna (Jorjiya shtati) bandargohiga yo'naltirilishiga olib kelishini taxmin qildi. Biroq, bu “kamida ikki hafta” vaqtni talab qilishi mumkinligini aytdi.

    Jurnalning qayd etishicha, Baltimor bandargohining yopilishining to'liq iqtisodiy ta'siri rasmiylar ko'prikni qanchalik tez ta'mirlashiga bog'liq.

    Avvalroq ko'prikning qulashi oqibatida kamida olti kishi hayotdan ko'z yumgani ma'lum qilingan edi, deb xabar beradi report.az.