Ommaviy axborot vositalarida Qashqadaryo viloyatida “Oʻzbekneftegaz” AJ va “Uzbekistan GTL” tomonidan amalga oshirilayotgan Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish loyihasi uchun xorijdan (Bangladesh) 900 nafar xorijiy mutaxassislar jalb qilinayotganligi toʻgʻrisida axborot tarqalgan (Manba: Uzbekistan, Tashkent – AN Podrobno.uz. 09.11.2020 y).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 15-oktyabrdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1206-son qarorining 18-bandida “Oʻzbekneftegaz” AJ va “Uzbekistan GTL” masʼuliyati cheklangan jamiyati buyurtmalari asosida xorijiy mutaxassislarni oʻrnatilgan tartibda jalb qilinishi koʻzda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 244-sonli “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston hududida ishlash uchun tasdiqnomalar olishi belgilangan.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra, ichki mehnat bozorini himoya qilish hamda fuqarolarining mehnat qilish huquqini taʼminlash maqsadida, ish beruvchi chet el fuqarosiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani olish maqsadida Tashqi mehnat migratsiya agentligiga murojaat qilish lozim.
Lekin shu kungacha “Oʻzbekneftegaz” AJ, “Uzbekistan GTL” yoki loyiha bosh pudratchisi, “ENTER Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi mazkur tasdiqnomani olish uchun murojaat qilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekneftegaz” AJ va “ENTER Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligidan Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish loyihasi uchun jalb qilinayotgan xorijiy ish kuchi toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlar soʻralgan va oʻrganilmoqda.
Shu bilan birga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur loyihani amalga oshirish doirasida talab qilinadigan boʻsh ish oʻrinlariga mahalliy ishsiz aholini jalb etish, ularning malaka darajasi yetarli boʻlmaganda bepul kasbiy oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha hamkorlikka tayyorligini bildiradi.
Mazkur masalani oʻrganish natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.