Tadbirning asosiy maqsadi mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasida 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.
Matbuot anjumanida sohada faoliyat yuritayotgan mas’ul tashkilotlar va idoralar vakillari, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallalar iqtisodiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Xususan, 2025-yil davomida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 5,4 million nafar aholining bandligi ta’minlandi. Shundan 1,3 million nafari doimiy ishga joylashtirildi, 2,1 million nafar fuqaro esa tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi.
Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida yuz minglab oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli choralar amalga oshirildi. Natijada 523 mingta kam ta’minlangan oilaning daromadini oshirishga erishildi.
Mahallalarda iqtisodiy faollikni kuchaytirish maqsadida hokim yordamchilari tashabbusi bilan 410 mingga yaqin mikroloyihalar ishga tushirildi. Ushbu loyihalar orqali 840 ming nafar fuqaroning daromad manbai kengaydi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini ta’kidladi.
— So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarning barqaror daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mahallalarda amalga oshirilayotgan manzilli dasturlar va iqtisodiy tashabbuslar aholi farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev.
Uning ta’kidlashicha, kelgusi yillarda bu boradagi ishlar yanada kengaytiriladi. Jumladan, 2026 yilda kambag‘allik darajasini 2,8 foizgacha pasaytirish, 1 million nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash hamda 4 million aholining daromadini oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Aholi bandligi departamenti boshlig‘i Sobir Xaytmurotov matbuot anjumanida “Osonish.uz” platformasining faoliyati va imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur platforma ish beruvchilar hamda ish qidiruvchilarni yagona raqamli tizim orqali bog‘lashga xizmat qiladi.
Unga ko‘ra, platforma orqali ish beruvchilar o‘z korxonalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq ma’lumot kiritadi va vakansiyalar umumiy bazaga joylashtiriladi. Shu bilan birga, ish qidiruvchilar ham tizimga kirib, o‘z ma’lumotlarini kiritish orqali elektron rezyume shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kiritilgan ma’lumotlar dastlab moderatsiyadan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng tizimning maxsus saralash moduli orqali nomzodlar va mavjud vakansiyalar o‘rtasidagi moslik aniqlanadi. Saralash jarayonida nomzodning malakasi, ko‘nikmalari, mutaxassisligi, yashash hududi, kutilgan maosh miqdori hamda boshqa qo‘shimcha omillar hisobga olinadi.
Mutaxassisning qayd etishicha, platforma ish beruvchilar uchun qator qulayliklarni taqdim etadi. Xususan, ular nomzodlar ro‘yxatini real vaqt rejimida ko‘rishi, tizim orqali bevosita muloqot qilishi, nomzodlarni tezkor saralashi hamda ishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirishi mumkin.
Shuningdek, platforma ish qidiruvchilar uchun ham bir qator imkoniyatlarni yaratadi. Foydalanuvchilar o‘z malakalariga mos vakansiyalar bilan tanishishi, tizim orqali avtomatik tarzda ish takliflarini qabul qilishi, turli ish o‘rinlarining maoshi va shartlarini solishtirishi hamda o‘ziga maqbul ish topish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, platforma orqali vakansiyalar va ish qidiruvchilar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmoqda. Ma’lumotlar avtomatik tarzda solishtirilishi natijasida ish beruvchilarning vaqt va resurslari tejaladi. Shu bilan birga, ish qidiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlari kengayib, ortiqcha murojaatlar soni kamayadi.
— Bugungi kunda mehnat bozorida talab va taklifni tezkor bog‘laydigan raqamli tizimlarga ehtiyoj katta. “Osonish.uz” platformasi aynan shu vazifani bajaradi. Ushbu tizim orqali ish beruvchilar qisqa vaqt ichida malakali kadrlarni topishi, ish qidiruvchilar esa o‘ziga mos ish o‘rnini aniqlashi mumkin. Natijada bandlik darajasi oshib, mehnat bozorida yanada shaffof va samarali tizim shakllanadi, — dedi Aholi bandligi departamenti boshlig‘i Sobir Xaytmurotov.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 11-mart holatiga ko‘ra, platformada 81 mingdan ortiq rezyume, 7 mingdan ziyod korxona hamda 42 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni ro‘yxatdan o‘tgan.
Matbuot anjumani davomida tadbir juda ham qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi dasturlar va kelgusi rejalar yuzasidan bir qator savollar berildi. Mas’ullar esa barcha savollarga batafsil javob qaytarib, jurnalistlarni qiziqtirgan masalalarga aniqlik kiritdilar.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va mahallalar iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Bu esa aholi farovonligini yuksaltirish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zulxumor AKBAROVA