Muzokaralar chogʻida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududida qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika kabi sohalarda sanoat hamkorligini yoʻlga qoʻyish uchun ikkala mamlakat yetarli shart-sharoitlarga ega ekanligi maʼlum qilindi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Tomonlarni qiziqtirgan masalalarni tezkor hal etish mexanizmini yaratish uchun hukumatlararo muloqotni yanada faollashtirish zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi va Bangladesh Xalq Respublikasi oʻrtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini tashkil etish va uning kun tartibini aniq taklif va loyihalar bilan boyitish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.
Xorijiy tomon oʻzaro turistik oqimlarni jumladan, “Ziyorat turizmi”ni rivojlantirish hisobiga oshirishga boʻlgan qiziqishini qayd etdi. Taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi – “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti (Samarqand) va “Jahangir Nagar” universiteti (Dakka) oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yakdil qarorga kelindi.
Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan hamkorlik sohalarini ragʻbatlantirish va amalda joriy etish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.