Bangladesh bilan koʻp qirrali hamkorlik rivojlantiriladi

    Biznes 31 May 2023 967

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Bangladeshlik investorlar, yirik kompaniyalar, shuningdek, tarmoqda biznesni rivojlantirish, marketing yoʻnalishlaridagi mutaxassislar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqot kun tartibidagi asosiy mavzu oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan iborat boʻldi.

    Investorlar taʼkidlaganidek, bugun Oʻzbekiston jadal rivojlanib, tashqi siyosatda ochiq va progmatik yoʻlni tutgan. Iqtisodiyot, xorijiy valyuta bozorining liberallashuvi mamlakatning yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini dunyoga namoyish etyapti. Bu omillar oʻzaro manfaatli savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, barcha qitʼalardan ishbilarmonlarni mamlakatimizga jalb etishda yaxshi koʻprik boʻlib xizmat qilyapti.

    Uchrashuvda mehmonlarga sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Transport-logistika imkoniyatlari va eksport bozorlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bangladesh Oʻzbekistonni MDH, shuningdek, Yevropa bozorlariga chiqish portali sifatida koʻryapti. Oʻzbekiston uchun Bangladesh bilan hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi Osiyo va Okeaniya mamlakatlari bilan yangi eksport aloqalarini yoʻlga qoʻyish, xorijga yetkazib berish hajmini kengaytirish imkonini beradi.

    Mehmonlar taʼkidlaganidek, bugungi kunda Bangladeshda ishlab chiqarilgan barcha poyabzal mahsulotlari eksport qilinadi. Shu sabab, davlat import hisobiga oʻz ehtiyojlarini qoplaydi. Mamlakatda 170 milliondan ortiq inson boshqa mamlakatlardan olib kelingan poyabzalni sotib olishga majbur. Sanoat sohasi ham shunday ahvolda. Korxonalar ehtiyojlari uchun xomashyo va terini katta hajmda import qiladi. Oʻzaro manfaatli savdo aloqalarining yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekistonga tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksporti uchun ulkan bozorni ochib beradi.

    Hamkorlik Oʻzbekistonning kadrlar salohiyatini mustahkamlashni ham nazarda tutadi. Bangladesh kompaniyalari asosan jahon brendlari bilan ishlaydi. Ishlab chiqarishga xalqaro talablar va sifat standartlarini joriy etilgan. Bu borada ular tajriba almashish uchun malakali texnolog, muhandis va konstruktorlarni Oʻzbekistonga yuborilishini maʼlum qildi.

    Mehmonlar mamlakatimizning turli hududlarida boʻlib, Oʻzbekiston korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati bilan bevosita joyida tanishish niyatida.

    Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat sanoat korxonalari rahbarlari ishtirokida oʻzaro biznes missiyalarni tashkil etish, jumladan, korxonalarga biznes-turlar uyushtirish va investitsiya hamda eksport shartnomalarini tuzishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasidagi charm-poyabzal sanoatida koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlovchi hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.