Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyevaning taʼkidlashicha, bank hisobidagi yoki kartasidagi pullarni oʻgʻirlash kabi holatlarga nisbatan javobgarlik belgilanmagani bunday qilmishlar takror sodir etilishiga sharoit yaratmoqda.
Shuningdek, axborotni nooshkora toʻplashga moʻljallangan maxsus vositalarning zamonaviy turlari mamlakatimizga erkin tarzda kirib kelishi va savdosi jadallashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targʻib qilinayotganligi sababli isteʼmolchilar qamrovi kengayib bormoqda.
Ushbu maxsus vositalardan foydalanishning qonuniy tartibi belgilanmagani gʻaraz niyatdagi shaxslar tomonidan sir hisoblanadigan maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda unda toʻplash hamda ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanishga sharoit yaratmoqda.
Shu bois “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, yuqoridagi kabi holatlar bilan bogʻliq maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishga huquqiy asos yaratadi.
Bundan tashqari, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik belgilanishi va yuzaga kelayotgan boshqa noqonuniy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.