Yangiyoʻl shahrida akasining nomidagi MCHJga bank kreditini oʻtkazib, talon-toroj qilgan bosh hisobchi aniqlandi.
Departamentning Yangiyoʻl shahar boʻlimi tomonidan “Oʻzmilliybank” AJning Yangiyoʻl filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda, Yangiyoʻl filiali bosh hisobchisi J.M. kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish maqsadida, akasi J.ning nomiga “Z.B.” MCHJni tashkil qilib, 11 nafar fuqaroning nomiga kredit hujjatlarini rasmiylashtirib, ularga ajratilgan 754 mln soʻmni dastlab “Z.B.” MCHJ hisob-raqamiga va u orqali plastik kartaga oʻtkazib, talon-toroj qilgani aniqlangan.
“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 179-moddasi (soxta tadbirkorlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xabarida.