Bu Oʻzbekiston kapital bozoriga xalqaro investorlarni jalb etish va uni yanada rivojlantirishda muhim qadamdir. Ushbu bitim Prezidentimizning 2023-yil 2-sentyabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yaratilgan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshirildi.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda OʻzRVB savdolarida birja aʼzoligiga qabul qilingan tashkilotlar ishtirok etishi mumkin. “Bank of Georgia” AJ birja savdolarida ishtirok etish va davlat qimmatli qogʻozlar bozorida operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi “B” toifasi boʻyicha OʻzRVB aʼzoligiga qabul qilingan.
“Bank of Georgia” davlat qimmatli qogʻozlari bozorida investor sifatida ishtirok etishini taʼminlash maqsadida OʻzRVBning hisob -kitob -kliring tizimida hisobraqami ochildi. Shuningdek, xorijiy nominal egalariga “depo” hisobvaraqlari (omnibus hisobvaraqlari) va toʻgʻridan-toʻgʻri individual hisobvaraqlarni ochish imkoniyati yaratildi.
Mamlakat kapital bozorida nomdor xalqaro investorlar ishtiroki moliyaviy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga va moliya sektorida risklarni boshqarishning yangi usullarini joriy etishga xizmat qilyapti.
OʻzRVB xalqaro investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Oʻzbekiston moliya bozorini rivojlantirish va mustahkamlash uchun koʻmak boʻla oladigan innovatsion yechimlarni joriy etishda davom etadi.
Dilshod Ulugʻmurodov,
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri.