Gap shundaki, Javohir mazkur bank qaroriga asosan ishlab chiqilgan Tartibga koʻra, filial bosh­qaruvchisining tegishli buyrugʻi bilan integrallashgan NSI-bank tizimining idora qiluvchisi (administrator) etib tayinlangan. Shu munosabat bilan unga mazkur tizimda ishlashi uchun U542_PLASTIK10 login-paroli berilgan. Bu bilan esa J.Toʻrayev mijozlarning plastik kartochkalari faoliyatini kuzatish imkoniga ega boʻlgan.

Buni qarang-ki, Javohir plastik kartochkalar faoliyatini kuzatish asnosida bir holatga duch keladi. Yaʼni, ayrim plastik kartochkalardan 6 oy, bir yil, hatto yillar mobaynida foydalanilmayotganini aniqlaydi. Natijada, oʻsha mijozning pasport maʼlumotlari asosida yangi plastik kartochka ochgan holda birin-ketin kartalardagi mablagʻlarni oʻzlashtirishni boshlaydi. Negaki, yangi plastik kartochka ochilib, “NCI” elektron dasturining “Uzcard” moduli orqali eski karta faoliyati toʻxtatilganda mablagʻ yangi kartaga oʻtkaziladi. Shu tariqa 2017-yil 6-mart kuni bank mijozi R.Elnazarovning 1.079.200 soʻm pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, pullarni terminallarda ishlatish yoʻli bilan oʻz ehtiyojlariga sarflab yuboradi. Oradan bir oy oʻtgach, fuqaro M.Odilovning 1.764.000 soʻm pulini ham shu tarzda oʻgʻirlaydi. Oʻgʻirlanayotgan pullar miqdori tobora oshib boradi. Jumladan, 2017-yil 7-avgust kuni mijoz M.Tohirovaning 4.571.400 soʻm pullarini oʻgʻirlagan boʻlsa, 2017-yil 14-avgust kuni fuqaro M.Isoyevning plastik kartasidagi 5.600.000 soʻm pul mablagʻini yashirin ravishda talon-toroj qiladi.

Shunday qilib bankir yigitning “ishtaha”si ochilgandan ochilib, elektron oʻgʻirlikni 2018 va 2019-yillarda ham davom ettiradi. Aytaylik, 2019-yil 5-mart kuni tumanning Demursad qishlogʻida yashovchi, “Fargʻonagaz” hududiy filiali Soʻx tumani uchastkasi muhandisi vazifasida ishlovchi Bahron Marifovning plastik karta dublikatini faollashtiradi. Soʻngra uning 14.599.000 soʻm pullarini oʻgʻirlab, bankomat orqali naqdlashtiradi. Pullarni esa har galgidek shaxsiy ehtiyojlariga sarflaydi. Biroq...

Biroq tumanning Umbara qishlogʻida yashovchi, “Soʻx gidrotrans” MCHJ haydovchisi Shohruh Nimatilloyev J.Toʻrayevning oʻgʻirligidan eng koʻp jabr chekkan fuqarodir. Boisi oʻgʻri bankir 2019-yil 30-mart kuni bu mijozning plastik kartochkasida 2 yildan buyon yigʻilib kelayotgan oz emas, koʻp emas, naqd 37.383.877 soʻm pulini bir urinishda oʻgʻirlaydi. Lekin keyinchalik — 2019-yil iyun oyida B.Marifov va Sh.Nimatilloyev bundan xabar topib, bank filiali boshqaruvchisiga murojaat qilishadi. Bu gapga ishonmagan bosh­qaruvchi ularni Javohir bilan yuzlashtiradi. Natijada J.Toʻrayev aybini tan oladi. Filial rahbari xodimga 10 kun muhlat beradi. Ammo muammo muammoligicha qolaveradi.

Shundan soʻng filial boshqaruvchisining xabariga asosan mazkur holat yuzasidan bankning Far­gʻona viloyat boshqarmasi tomonidan tekshirish oʻtkazildi. Tekshirishda Javohir Toʻrayevning 2017-mart oyidan 2019-yil iyul oyiga qadar jami 60 nafardan ortiq mijozning ish haqi, pensiya va nafaqalaridan iborat 102.060.937 soʻm pullarni talon-toroj qilgani aniqlanadi. Pirovardida J.Toʻrayevning yaqinlari keltirilgan zararni qoplab berishadi. Ammo na bankning viloyat boshqarmasi, na tuman filiali rahbarlari bu xususda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishmaydi. Aksincha, Javohir filialning kadrlar boʻlimiga ishga oʻtkaziladi.

Dono xalqimizda “Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas”, degan purhikmat naql bor. Bu naql xuddi “qahramon”­i­miz uchun aytilgandek. Aks holda u kadrlar boʻlimida ishlash jarayonida ham avvalgi qingʻir ishini davom ettirmagan boʻlardi. Yaʼni J.Toʻrayev 2019-yil 5-noyabrga qadar yana 5 nafar mijozning 31.824.127 soʻm pul mablagʻini talon-toroj qiladi. Masalan, Javohir 2019-yil 5-sentyabr kuni fuqaro Shohruh Nimatilloyevning yana 16.786.200 soʻm pullarini oʻgʻirlaydi. Oqibatda uning elektron oʻgʻirligi “salmogʻi” 150 million soʻmdan oshib ketadi. Shundan keyingina jabrlanuvchilarning murojaati asosida Javohir Toʻrayevga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi. Binobarin, aybdor tergov jarayonida oʻzi keltirgan zararlarni qoplaydi.

Albatta, qonun ustuvorligi taʼminlangan mamlakatimizda hech bir gʻayriqonuniy qilmish yoki jinoyat jazosiz qolmaydi. Shu maʼnoda aytganda, jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tuman sudi J.Toʻrayevni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi. Asosiy jazoga qoʻshimcha ravishda uning moliya-bank faoliyati bilan shugʻullanishi va tizimga ishga joylashishi cheklandi.

Shu oʻrinda eʼtirof etish lozimki, soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan respublikamizda barcha sohalar qatori bank tizimida ham keng koʻlamdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada hamyurtlarimizning banklarga boʻlgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Lekin J.Toʻrayev singari oʻz nafsining izmidan chiqolmay, mijozlar manfa­atini oyoqosti qilayotgan ayrim bank xodimlari hali-hanuz uchrab turibdi. Bu toifa xodimlar bilan esa aslo murosa qilib boʻlmaydi. Shunday ekan, bank mutasaddilari har bir xodimning ish faoliyati va yurish-turishini jiddiy nazorat qilishlari lozim. Aks holda birgina xodimning nojoʻya harakati butun boshli tizimning mavqeiga raxna solaveradi. 

Farrux ABDURAIMOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tuman sudining raisi

Xurshid SULTONOV,

jurnalist