Qarorga koʻra:

- 2021-yilda yurak nuqsonlarini davolash uchun moʻljallangan 500 ta tibbiy buyum (okklyuder) xarid qilish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga 10 milliard soʻm;
- 2022-yildan har yili oʻrtacha 2 500 ta okklyuder xarid qilish uchun mablagʻlar ajratiladi.

2021-yilda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari 42,5 milliard soʻmlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.

Qarorga koʻra, 2022–2023-yillarda:

● kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari koʻlami kengaytiriladi;
● tuman (shahar)larda amaliyotlar turi 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga yetkaziladi;
● Xirurgiya markazida yurak va oʻpka transplantatsiyasi joriy etiladi.

2022-yil yakunigacha barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Xirurgiya markazida:

- Inson aʼzolari va toʻqimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi;
- 2021/2022 oʻquv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Xirurgiya va transplantologiya kafedrasi tashkil etiladi.

2021-yil 1-noyabrdan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sogʻliqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish yoʻlga qoʻyiladi.

2022/2023 oʻquv yilida sogʻliqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejer mutaxassislarni magistrlik yoʻnalishi (Master of Healthcare Administration) boʻyicha davlat granti asosida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va boshqa OTMlarda tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash choralari koʻriladi.