Mazkur tizim yagona manzil orqali barcha madaniyat muassasalariga chipta xarid qilish imkonini beradi. Tizimni ishga tushirish ishlari Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Hozircha tajriba-sinov tariqasida chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimiga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri, Oʻzbek milliy drama teatri, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri va Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi ulangan.

Sinov davrining birinchi bosqichida ushbu muassasalar xodimlari tizimda ishlashning oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishib, chipta sotuvi uchun undan foydalanishni boshlashadi. Sinov muddati yakunlangach, mamlakatning barcha chipta asosida ishlovchi davlat teatrlari, muzeylar va Madaniyat vazirligining boshqa idoraviy tashkilotlari tizimga ulanadi.

Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimi madaniyat muassasalarida amalga oshirilayotgan chiptalar savdosini monitoring qilish, taqdim etilayotgan xizmatlarning shaffofligi, sifati va xavfsizligini taʼminlash, sohadagi spekulyativ faoliyatni minimallashtirish imkonini beradi. Sohada regulyatorning paydo boʻlishi raqobat muhitini yaxshilaydi, bozorni monopoliyadan xoli qiladi.

Shuningdek, tizimda blokcheyn texnologiyasidan foydalanish masalasi ham koʻrib chiqilgan. Mazkur texnologiya chiptalar sotilishida shaffoflikni taʼminlash bilan birga, chiptalar savdosi bilan bogʻliq har qanday holatni himoyalangan maʼlumotlar bazasida qayd etadi. Bunday zanjirli maʼlumotlar yozuvini oʻzgartirish yoki oʻchirish mumkin emas.

Qayd etilishicha, chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimi madaniyat tadbirlariga chipta sotish uchun onlayn-savdo platformalari, shuningdek, provayderlar va boshqa xizmatlarning faoliyatini cheklamaydi. Yaratilgan raqobat muhitidan qulay va mos xizmat turini tanlash huquqini xaridorning oʻzida qoldiradi.