Prezidentimizning 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan xalqimizga murojaati mamlakatimiz tarixidagi kamyob holatlardan biri sifatida esda qoladigan boʻldi. Voqelikning ijtimoiy ahamiyati shundaki, davlat rahbari darajasida bunday murojaatning yoʻllanishi Yangi Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyat qurishga munosib chaqiriq sifatida yangradi. Shu paytgacha “Inson qadri uchun” tamoyili ostida qilingan ezgu ishlar tamalini yanada mustahkamlab, navbatdagi bosqichga yoʻl ochdi.

Murojaatda taʼkidlanganidek, “jamiyatimizning ajralmas bir qismi boʻlgan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa meʼyoriy­-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi.

Bu esa mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, oʻz isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarishi, muxtasar aytganda, oʻzlarini jamiyatimizning toʻlaqonli aʼzosi deb his etishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini bermoqda”.

Shu oʻrinda alohida oʻqish ehtiyoji boʻlgan bolalarning sifatli bilim olish huquqi xalqaro huquqiy­-meʼyoriy hujjatlarga muvofiq tarzda tegishli qonun va qarorlarda oʻz ifodasini topayotganini qayd etish joiz. Jumladan, yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga birinchi marta “inklyuziv taʼlim” tushunchasi kiritildi.

Uning “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim” deb nomlangan moddasida jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalar davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitida yakka tartibda taʼlim olishi koʻzda tutildi.

Qonun bilan taʼlim shakllari qatoriga inklyuziv taʼlim shakli ham kiritilgan boʻlib, u alohida taʼlim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-­xilligini hisobga olgan holda barcha taʼlim oluvchilar uchun taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishga boʻlgan teng imkoniyatlarni taʼminlashni nazarda tutadi. Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida ham nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-­quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish maqsadida nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini taʼminlovchi inklyuziv taʼlim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilandi.

Ayni paytda mamlakatimizda jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun 86 ta maxsus maktab va maktab­internat faoliyat yuritib, ularda 20 mingdan ziyod bola taʼlim olmoqda. Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻgʻil­qizlarni sogʻlom tengdoshlari qatori umumtaʼlim maktablarida oʻqitish amaliyotini rivojlantirish maqsadida maxsus taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning umumtaʼlim maktablariga integratsiyalashuvi tajribasi qoʻllanyapti.

Natijada soʻnggi yillarda alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan 500 nafarga yaqin oʻquvchi umumiy oʻrta taʼlim maktablariga qaytarildi. Hozirgi kunda 3,2 mingdan ortiq umumiy oʻrta taʼlim maktabida 13 mingga yaqin oʻquvchi inklyuziv taʼlim bilan qamrab olingan. Joriy yilda alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarning 24 foizi, 2025-yilgacha esa 40 foizi umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga jalb qilinishi belgilangan.

Mana shunday maktablar uchun pedagoglarni tayyorlash boʻyicha Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻziga xos boy tajriba toʻplangan. Xususan, universitetning maxsus pedagogika va inklyuziv taʼlim fakultetida surdopedagogika (qoʻshimcha surdotarjimon), logopediya va oligofrenopedagogika bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va maxsus pedagogika (surdopedagogika, logopediya, oligofrenopedagogika), magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

Nogironligi bor bolalar bilan ishlashning oʻziga yarasha masʼuliyati va murakkabliklari mavjud. Shu bois, mutaxassislarni tayyorlash jarayonida tanlangan sohaning mana shunday nozik jihatlariga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, ilmiy-­pedagogik faoliyati darajasi va sifatini oshirishni munosib ragʻbatlantirish orqali professor­oʻqituvchilar ilmiy salohiyatidan samarali foydalanilmoqda.

Magistrant, doktorant hamda yosh oʻqituvchilarning ilmiy faoliyatini rivojlantirish maqsadida kafedralarda har oyda ilmiy­nazariy va ilmiy­metodik seminarlar tashkil etiladi. Ushbu yigʻinlarda maxsus pedagogika sohasining dolzarb masalalari muhokama etiladi. Mavzu yuzasidan xulosa hamda tavsiyalar shakllantiriladi. Talabalarning maxsus pedagogika ixtisosligi boʻyicha bilim, koʻnikma va malakasini oshirish bilan birga yangi innovatsion gʻoya, loyihalarni ishlab chiqishga yoʻnaltiriladi.

Taʼlim olishdagi imkoniyatlar tengligi inklyuziv jamiyat qurish yoʻlidagi muhim qadamlardan. Shu orqali nogironligi bor oʻgʻil­qiz jamiyatga oʻzini kerakli his etadi. Xalqning bir boʻlagi ekanini anglab, mamlakat rivojiga daxldorlik tuygʻusi bilan yashaydi.