Respublikamizdagi akademik litsey va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi-yoshlari oʻrtasidagi musobaqalarda kurash, futbol, dzyudo, yengil atletika, voleybol (qizlar alohida, oʻgʻil bolalar alohida), basketbol (qizlar alohida, oʻgʻil bolalar alohida), gandbol (qizlar alohida, oʻgʻil bolalar alohida) sport turlari boʻyicha yakuniy chempionlar nomi allaqachon maʼlum boʻlib ulgurdi.
Maʼlumki, 12 ta sport turidan oʻtkaziluvchi ushu sport oʻyinlari yakunida 14 ta hududning toʻplagan ochkolari hisobiga koʻra, umumjamoa hisobida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hudud aniqlanadi.
9 ta musobaqadan soʻng jadvalning eng yuqori pogʻonasidan samarqandlik sportchilar 107 ochko bilan joy olgan. 2-oʻrinni Xorazm viloyati sportchilari 103 ochko bilan band etib turgan boʻlsa, fargʻonaliklar 96 ochko bilan 3-oʻrinda bormoqda.
Shuningdek, yuqori uchlikka kirish uchun Surxondaryo viloyati terma jamoasi 92 ochko bilan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Jizzax viloyati sportchilari esa bir xil – 90 ochkodan jamgʻargan holda yaxshi imkoniyatga ega boʻlib turibdi.
Maʼlumot uchun, “Barkamol avlod” sport oʻyinlarining respublika final bosqichi doirasida yana badminton, belbogʻli kurash, stol tennisi, shaxmat va shashka sport turlari boʻyicha jami 5 ta musobaqa oʻtkaziladi. Shu boisdan ushbu jadvalda hududlar bir necha marta oʻzaro oʻrin almashishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, final bosqichi yakunida jadvalning yuqori uchligidan oʻrin olgan hududlarning sportchi-yoshlariga Prezident sovrinlari topshiriladi.