Yurtimizda muqaddas islom dini anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylash, haqiqiy eʼtiqod bilan soxta diniy qarashlarni aniq ajratish, yoshlarning yot gʻoyalar taʼsiriga tushmasligi chorasini koʻrish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada salmoqli ishlar qilinmoqda.
Oʻtgan yili 2-dekabrda Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarga bagʻishlab oʻtkazilgan taqdimotda dunyoning yetakchi olimlari mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash sohasida yuritilayotgan siyosat tahsinga loyiq ekani, bu Markaziy Osiyodagi barqarorlikka katta ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini eʼtirof etgani ham yuqoridagi fikrlar tasdigʻidir.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan hayotiy tamoyilga asoslangan islohotlar koʻpmillatli xalqimizning faol qoʻlloviga erishmoqda. Bunday oqilona chora-tadbirlar samarasini diniy sohada yaqqol koʻrib, his qilish mumkin. Jumladan, oʻtgan yetti yilda 91 ta masjid davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlsa, noislomiy jamoalarning 23 ta yangi diniy tashkiloti faoliyat boshladi.
Vijdon erkinligining mustahkam huquqiy asosi
Yangi Oʻzbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini taʼminlashning normativ-huquqiy asoslari toʻliq yangilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston dunyoviy davlat ekani, inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi eʼlon qilindi. Shuningdek, 2021-yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, diniy tashkilotlar emin-erkin faoliyat yuritishining qonuniy asoslari kafolatlandi. 2017-yildan shu vaqtga qadar diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tartibga solishga oid 3 ta qonun, Prezidentimizning 36 ta farmon, qaror va farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 19 ta qarori qabul qilindi.
Diniy-maʼrifiy soha oʻta nozik va murakkab boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi har qanday qaror uzoqni oʻylab, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, yetti oʻlchab bir kesish tamoyili asosida qabul qilinmoqda. Ayni vaqtda xalqning uzoq yillik tarixiy tajribasi, eʼtiqodiy oʻziga xosligi, istiqboldagi orzu-intilishlarini inobatga olmagan chora-tadbirlar hech qanday naf keltirmasligini oʻtgan yillar tajribasi koʻp bora isbotladi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining diniy sohada qabul qilinadigan har qanday normativ-huquqiy hujjatni shoshma-shosharlikka berilmay, xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilish boʻyicha tashabbuslarini oqilona tadbir sifatida baholash mumkin.
Diniy sohada barqaror siyosatning tayyor modelini chetdan import qilib boʻlmaydi. Albatta, bu borada xalqaro tajriba muhim ahamiyatga ega. Lekin har qanday tajriba milliy-diniy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, Oʻzbekistonning koʻpmillatli va koʻp konfessiyali sharoitini hisobga oladigan, eng asosiysi, milliy manfaatlarimizga mos boʻlishi lozim.
Global xalqaro tashabbuslar dunyo eʼtiborida
Oʻzbekiston Prezidenti xalqaro maydonda islomning ezgulik, ilm-maʼrifat va bagʻrikenglikka asoslangan taʼlimotini ochib berish, ekstremizm, terrorizm va islomofobiyaga qarshi kurashishga qaratilgan global gʻoya va tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Jumladan, 2016-yil 18-oktyabrda Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan oʻzining qatʼiy pozitsiyasini ifoda qilib, jumladan, bunday dedi: “Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.
BMT minbarida turib davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida soʻzladi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Ushbu tashabbus hamjamiyatga aʼzo 100 dan ortiq davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Taʼlimga asoslangan islohot poydevori
Bugungi murakkab va tahlikali davrda zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega mutaxassislar tayyorlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda Oʻzbekistonda diniy taʼlim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirishga eʼtibor qaratilmoqda. 2018-yilda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi taʼsis etildi. Akademiya mamlakatda islomshunoslik, dinshunoslik, manbashunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi tayanch taʼlim muassasasidir.
Bundan tashqari, imom-xatiblarning bilim va kasbiy malakasini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining malaka oshirish markazi va uning 4 ta hududiy filiali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Unda har yili yuzlab imom-xatib bugungi talablardan kelib chiqib, bilim va koʻnikmasini oshirmoqda.
Buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Buxoro viloyatidagi mashhur diniy taʼlim muassasasining musulmon dunyosidagi oʻrni va nufuzi, diniy xodimlar tayyorlashdagi ahamiyati eʼtiborga olinib, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Mazkur madrasa faoliyati davomida nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham diniy va dunyoviy bilimlarni puxta oʻzlashtirgan kadrlar yetishtirib bergan. Bugungi Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlardagi nufuzli ulamolar, din arboblari aynan Mir Arab madrasasining bitiruvchilaridir.
Shuningdek, qadimiy Termiz zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziy nomi bilan ataladigan yangi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, institut va diniy taʼlim muassasasi faoliyat boshladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy allomalarning 30 dan ziyod asari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Musulmonlar eʼtiqodini toʻgʻrilovchi, hidoyatga boshlovchi degan ulugʻ sharafga muyassar boʻlgan ajdodimiz, alloma Imom Moturidiy ilmiy merosining bugungi dolzarb ahamiyatini eʼtiborga olib, 2020-yilda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilindi. Hozirga qadar markaz tomonidan buyuk ajdodimiz qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon”, “Kitob at-Tavhid” asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi.
Mazkur markazlar xalqimiz va musulmon ahliga islom dinining asl taʼlimotlarini yetkazishga xizmat qilmoqda. Yoshlarning yot oqimlar taʼsiriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga ragʻbatlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalashda “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu gʻoyasi asosida faoliyat yurituvchi ushbu muassasalar muhim ahamiyatga ega.
Diniy sohaga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik
Oʻzbekistonda diniy soha xodimlari, jumladan, imom-xatiblarning jamiyatda ahillik va barqarorlikni mustahkamlashdagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ziyoratgohlar, masjidlar, diniy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dinu diyonatimiz, ulugʻ allomalarimizga hurmat ramzi sifatida 500 dan ortiq masjid va madrasa, tabarruk ziyoratgohlar taʼmirlandi. Xususan, Toshkent shahrida “Imom Termiziy”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Suzuk ota”, Qarshi tumanida “Abu Muin Nasafiy” masjid majmualari, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Buxoroda Bahouddin Naqshband va yetti pir ziyoratgohlari kabi koʻplab tabarruk manzillarda keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Xuddi shunday bunyodkorlik ishlari Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasida ham jadal davom etmoqda. Muhaddislar imomining qabri joylashgan ushbu goʻzal majmua 2025-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tabarruk makon dunyo musulmonlarining eʼzozi, eʼtibori va ehtiromidagi manzilga aylanadi.
Bunday bunyodkorlik ishlaridan koʻzlangan asosiy maqsad buyuk oʻtmishni hozirgi kun bilan bogʻlash orqali xalqimizning maʼnaviy salohiyatini oshirishdir.
Bagʻrikenglik va milliy tajriba
Movarounnahr — hozirgi Oʻzbekiston zamini ilm-fan va madaniyatning tarixiy markazlaridan biri boʻlgan. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi allomalar, buyuk mutafakkirlar oʻz davrida Sharqda Birinchi va Ikkinchi Renessansni boshlab bergan.
Ushbu sohadagi islohotlarning yana bir muhim maqsadi — Oʻzbekistonning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan buyuk hissasini targʻib qilish orqali yoshlarni maʼrifatga ragʻbatlantirish, innovatsion rivojlanishning boy milliy merosga asoslangan yangi taraqqiyotiga yoʻl ochishdir.
Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan dunyoning yetakchi islomshunoslik markazlari bilan hamkorlikda buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar oʻtkazilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yilda Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband, 2020-yilda Imom Moturidiy, 2024-yilda Imom Termiziy ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro anjumanlarda jahonning 100 dan ziyod nufuzli ulamosi, ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus doirasida oʻtgan yili Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻtkazildi. 22 mamlakatdan 70 dan ortiq din arbobi, muftiy va taniqli ulamolar ishtirok etgan ushbu nufuzli anjumanda jahonda tinchlik oʻrnatish, urush va mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish zarurati taʼkidlandi, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha mamlakatimiz tajribasi namuna sifatida koʻrsatildi.
Dushman emas, doʻst tutish siyosati
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turli yot oqimlar taʼsiriga berilib, qilgan ishidan pushaymon boʻlgan fuqarolar ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanib, hayotda oʻz oʻrnini topishiga yordam berilmoqda. Qilgan xatosini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga kirgan shaxslarning oilasi bagʻriga, tinch hayotga qaytishiga imkoniyat yaratildi.
Davlatimiz rahbarining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosatining amaldagi inʼikosini Suriya va Iroqdan mamlakatimizga qaytarilgan yurtdoshlarimiz misolida ham koʻrish mumkin. “Mehr” nomli maxsus operatsiyalar doirasida 500 ga yaqin ayol hamda bolalar urush oʻchoqlaridan yurtimizga qaytarildi.
Bu ishlar jamiyatda radikalizm va ekstremizmning oldini olish, xalqimiz, xususan, yoshlarning islomning bunyodkorlik, ilm-maʼrifat va asl insoniylikka yoʻgʻrilgan taʼlimotini toʻgʻri anglab, unga amal qilishiga erishishda gʻoyat muhim oʻrin egalladi.
Odamlarning bilimi, dunyoqarashini oshirmay turib, barqaror maʼnaviy muhitni taʼminlash amri mahol. Binobarin, ekstremistik va terrorchi tashkilotlarning faoliyat uslubiga eʼtibor berilsa, ular asosan jamiyatning zaif ijtimoiy qatlamlari, bilim saviyasi past, tanqidiy fikrlash salohiyatiga ega boʻlmagan toifadagi shaxslar bilan ishlashga diqqat qaratishi ayon boʻladi.
Shu bois, mamlakatimizda taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratilishi, ayniqsa, maktab taʼlimini rivojlantirish, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻrgatish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar uzoqni koʻzlagan, strategik ahamiyatga ega ishlardan biri ekanini koʻrish mumkin. Mazkur sohadagi yutuq va muvaffaqiyatlar xalqaro miqyosda nufuzli ekspertlar tomonidan alohida eʼtirof etilayotir.
Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, din asoslarini chuqur tushunadigan malakali kadrlar tayyorlashga zamin yaratib, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashga xizmat qilmoqda.
Shahzod ISLOMOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, islomshunos