Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini, moliyaviy-iqtisodiy vaziyat barqarorligini taʼminlash omili sifatida davlat qarzini tartibga solish, shuningdek barqaror rivojlanish prinsiplarini ishlab chiqilayotgan strategiyalar hamda dasturlarga joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, noqonuniy moliyaviy oqimlarni kamaytirish vositasi sifatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda sezilarli natijalarga erishganligini taʼkidladi. Bunda odamlar manfaatlarini qondirishga qaratilgan umumiy maqsadlar asosida qurilgan keng qamrovli hamkorlik aloqalarini global, mintaqaviy va mahalliy darajalarda oʻrnatmay turib, barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini muvaffaqiyatli amalga oshirib boʻlmasligi taʼkidlandi.
BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Tadbir yakunida bir qator takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi, ular tegishli ravishda oʻrganib chiqiladi va parlament aʼzolari tomonidan amalga oshirish uchun taklif etiladi.