Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullangan edi.
Ushbu hujjat Oʻzbekistonda “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga hamohang boʻlib 2030-yilgacha boʻlgan davrda mamlakatimizning global kun tartibining hayotga tatbiq etilishiga xizmat qiladi.
Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi, huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Global barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari hamda ularning indikatorlari milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqib, qayta ishlandi. Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishda “hukumat – parlament – fuqarolik jamiyati institutlari” konsepsiyasi yaratildi.
Ushbu konsepsiya asosida hukumat, parlament va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida 2020-yilda Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir birinchi ixtiyoriy milliy hisoboti tayyorlanib, BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan oʻtkazilgan oliy darajadagi siyosiy forumda taqdim etildi. Xuddi shu mexanizm asosida hozirda ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi tayyorlanmoqda.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratildi, sohada parlament nazorati oʻrnatildi.Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Oʻtgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan 10 ta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 ta indikatori boʻyicha hududlarda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning bajarilishi holati oʻrganildi.
Oʻrganish yakuni yuzasidan Parlament komissiyasi majlislarida 28 ta vazirlik va idora, shu jumladan Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbariningaxboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Maʼruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar tomonidan davlatimiz rahbari soʻnggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid 10 dan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani va eng muhimi mazkur tashabbuslarning barchasi Bosh Assambleya tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlandi va tegishli rezolyutsiyalar qabul qilinganligi masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Bu esa Yangi Oʻzbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati xalqaro hamjamiyat va jahonning barcha ilgʻor mamlakatlari tomonidan yakdil eʼtirof etilishidir.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda Parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Tadbir doirasida Barqaror rivojlanish markazi NNT hamda Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma (Germaniya) hamkorligida amalga oshirilgan “Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlari haqida xabardorligini oshirish” loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatining natijasiga koʻra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Oliy Majlis Senati kengashi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri