Bugun, 1 dekabr kuni Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo'lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo'yicha Parlament komissiyasining videokonferentsaloqa tizimi orqali yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Parlament komissiyasining a'zolari, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi kengash a'zolari, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi mutasaddilari, viloyatlar hokimlari, bir qator vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boshqarmalari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbaeva olib borgan yig'ilishda Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2-, 3- va 5-maqsadlari bo'yicha joylarda olib borilgan ishlar holatini o'rganish natijalari yuzasidan Parlament komissiyasi a'zolari B.Tajiev, F.eshmatova va O.Iminovning axborotlari eshitildi. Bundan tashqari, ushbu masalalar yuzasidan qishloq xo'jaligi vaziri, mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri hamda sog'liqni saqlash vazirining hisobotlari tinglandi.
Yig'ilishda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq xo'jaligining barqaror rivojlanishiga ko'maklashish, gender tenglikni ta'minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda aholi salomatligini saqlash borasidagi ishlar tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarida ozuqa mikroelementlarining tanqisligi bolalarda kamqonlik, A vitaminining etishmasligini keltirib chiqargan. Masalan, joriy yilda 6-59 oylik bolalar orasidagi kamqonlik Buxoroda 23 foiz, Sirdaryoda 17 foizni, A vitaminining etishmasligi holati tegishincha 2 va 9 foizni tashkil etgan. O'sishdan orqada qolayotgan bolalar soni yildan-yilga ortib borayotganligi kuzatilgan. Xususan, ushbu ko'rsatkich 2019 yilda 2018 yilga nisbatan Sirdaryo viloyatida 37,5 foiz, Buxoro viloyatida 14,2 foizga ko'paygan.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, xavfsizligi, etarliligi va ommaviyligini o'rganuvchi Global oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi indeksida 109 ta mamlakat orasida O'zbekiston 64-o'rinni egallagan. Biroq ushbu indeksning xavfsizlilik indikatorida mamlakatimiz 83-o'rinda. Asoratli va nuqsonli tug'ruqlar soni ortgan. Bunday holatlar 2019 yilda 2018 yilga nisbatan Toshkent viloyatida 88 foiz, Samarqandda 21 foiz, Andijonda esa 9 foizga ko'paygan.
Bundan tashqari, voyaga etmagan qizlar orasida erta tug'ruqning salbiy oqibatlari to'g'risidagi targ'ibot tadbirlari, iqtisodiy jihatdan qiyin sharoitdagi oilalarni manzilli qo'llab-quvvatlash ishlari o'z holiga tashlab qo'yilgan.
Oqibatda voyaga etmagan 15-17 yoshli qizlar o'rtasida tug'ruq holati Toshkent viloyatida joriy yilda 2019 yilga nisbatan ikki baravarga, Samarqandda esa 27 foizga oshgan. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, tashkilot
va muassasalar ayrim mansabdor shaxslarining huquqiy madaniyatining etarli emasligi xotin-qizlarga nisbatan ish joyida kamsitish va tazyiq o'tkazish holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo'lmoqda.
Masalan, 2020 yilning 9 oyi davomida bunday holatlar yuzasidan Farg'ona viloyatida ayollarning 88 ta murojaatidan 45 tasi, Qoraqalpog'iston Respublikasida 24 tadan 21 tasi o'z tasdig'ini topib, qanoatlantirilgan.
Bu kabi holatlar asosan tibbiyot va ta'lim tizimida kuzatilgan.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo va Farg'ona viloyatlarida 2020 yilning 9 oyi davomida jami 6,1 ming nafardan ortiq xotin-qiz tazyiq va zo'ravonlikdan jabr ko'rgan. Bunday holatlar asosan Andijon viloyatida keng tarqalgan bo'lib, ularning soni 2018 yildagi 948 tadan, 2019 yilda 1026 taga etgan.
Qolaversa, 2020 yilning 9 oyi davomida 2018 yilga nisbatan nikohdan ajralish natijasida farzand uchun aliment to'lamayotgan erkaklar soni tobora ortib, Farg'ona viloyatida 521 tadan 688 tagacha, Qashqadaryo viloyatida 201 tagacha, Qoraqalpog'iston Respublikasida 16 tadan 47 tagacha etgan.
Qayd etish joizki, joriy yilda Germaniyaning Bertel`sman fondi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari ko'rsatkichlariga erishish bo'yicha hisobotida O'zbekiston 193 ta mamlakat orasida 66-o'rinni egalladi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo'lgan davrda amalga oshirilishi bo'yicha kelgusida qilinishi lozim bo'lgan vazifalar xususida kelishib olindi.
Shuningdek, Parlament komissiyasi a'zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Parlament komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.