Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikdagi hali foydalanilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, qishloq xo‘jaligi, logistika, ta’lim, madaniy-gumanitar almashinuvlar hamda turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Braziliya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forum va davra suhbati natijalari olqishlandi. Unda Braziliyaning “Embraer”, “WEG”, “Petrobras”, “ABIEC”, “ABPA”, “ApexBrasil” kabi yetakchi kompaniyalari va uyushmalari B2B va B2G formatlarida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Shuningdek, BRIKS, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Braziliya Lotin Amerikasidagi muhim va ishonchli sheriklarimizdan biri sifatida qadrlanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitishga kelishib olindi. Braziliya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.