Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan davlat idoralaridagi koʻp yillik samarali mehnati, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, bank-moliya tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish, muhim investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi ulkan xizmatlari hamda tavalludining 80-yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi bosh direktori Hamidov Baxtiyor Sultonovichga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni berildi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Prezidentimiz nomlaridan ushbu yuksak unvonni B.Hamidovga topshirdi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasida tashkil etilgan tadbirda B.Hamidovning mustaqil Oʻzbekiston tarixining eng murakkab va sinovli davrlarida davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash, xalq xoʻjaligi tarmoqlari iqtisodiyotini yuksaltirish borasidagi fidokorona xizmatlari xususida soʻz yuritildi.
Oʻz navbatida, B.Hamidov Prezidentimizga davlatimizning yuksak unvoni bilan taqdirlagani uchun oʻz minnatdorligini bildirdi.