Bugun, 28 fevral  kuni O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov telefon orqali Afg'onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan Afg'oniston – Pokiston chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi.

“Suhbat davomida Afg'oniston – Pokiston chegarasidagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashdik hamda vazminlikni saqlash va vaziyatning yanada keskinlashuviga yo'l qo'ymaslik muhimligini ta'kidladik”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, muloqotda barqarorlikni ta'minlash va mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etishda muloqot asosiy vosita bo'lib qolishi zarurligi tasdiqlangan.

Shuningdek, Baxtiyor Saidov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari va Tashqi ishlar vaziri, senator Muhammad Is'hoq Dor bilan ham telefon orqali muloqot qilib, Pokiston va Afg'oniston o'rtasidagi so'nggi vaziyat yuzasidan fikr almashgan.

Suhbat davomida vazminlikni saqlash va vaziyatni yanada keskinlashuviga yo'l qo'ymaslik muhimligini ta'kidlangan. Mavjud qarama-qarshilikni yumshatish va barqarorlikni ta'minlash maqsadida o'zaro ishonch hamda izchil muloqotning ahamiyati zarurligini alohida qayd etilgan.