Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati tomonidan “Anhor-Lokomativ” bog'ida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
“Ma'rifat tur” loyihasi doirasida Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qariyb uch ming nafar farzandi tadbirda ishtirok etdi.
“Bolalarga ma'rifat ulashib” loyihasi doirasida bolalar ma'naviyatini yanada yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan kitoblar ko'rgazmasi, yurtimizdagi ilm, fan, san'at va madaniyat vakillari hamda “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zolari ishtirokida uchrashuvlar bo'lib o'tdi. SHuningdek, “Quvnoq tsirk” tomoshasi barcha bolajonlarga manzur bo'ldi. Surat chizishga qiziqadigan bolajonlar “Pannoga rasm chizish” dasturida o'z orzularini surat orqali ifoda etdi. Milliyligimiz aks etgan “Hunarmandchilik ko'rgazmasi”da bolalar milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san'ati yo'nalishlari haqida o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va iste'dodli bolalar ishtirokida kontsert namoyish etildi.
Tadbirda so'zga chiqqan “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, psixolog, Respublika ekspertlar kengashi a'zosi Jamila SHermuhammedova, “O'zbekfil`m” kinostudiyasi aktyorlari bolajonlarni bayram bilan tabrikladi. Vatan kelajagi ularga bog'liq ekani, shu bois puxta bilim olish, ajdodlarga munosib avlod bo'lish zarurligini ta'kidladi.
Kichkintoylarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg'alar berildi. “Baxtli bolalik” xayriya dasturi barcha bolajonlarga manzur bo'ldi.