Bayram kunlari “Afrosiyob” poyezdiga chiptalar topilmaydi, degan e'tirozlarni mutasaddilar qanday izohladi?

    Yo'lovchilar jo'nash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda.

    “Bayram munosabati bilan “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdiga chiptalarni xarid qilish imkoni yo'q” degan fikrlar paydo bo'ldi. Bu fikrlar hamda murojaatlarga "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ rasmiy munosabat bildirdi.

    Unda yozilishicha, mamlakatimizda an'anaviy tarzda nishonlanadigan bayramlar, qishki ta'til, qolaversa sayyohlik mavsumi mobaynida temiryo'l transportiga bo'lgan talab ortmoqda. Temir yo'l transporti xavfsiz va ishonchliligi bois, yo'lovchilar jo'nash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda. Shu bois, bayramlar arafasida chiptalar yetishmasligi ko'pchilikda noto'g'ri tushuncha uyg'otmoqda.

    "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ tomonidan imkoniyatdan kelib chiqib, bayram arafasi va bayram kunlarida qo'shimcha yo'lovchi poezdlar, qo'shimcha vagonlar ham qo'yib kelinmoqda.

    Jumladan,

    20, 22-aprel kunlari “Toshkent — Xiva — Toshkent” yo'nalishida 2 ta qo'shimcha reys;

    21—24-aprel kunlari “Samarqand — Toshkent — Samarqand” yo'nalishida 4 ta qo'shimcha “Afrosiyob” elektropoyezdi harakati yo'lga qo'yildi.

    Hozirda har kuni yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta "Afrosiyob" poezdining 12 ta qatnovi amalga oshirilmoqda. Respublikamizning barcha hududlariga esa 30 ga yaqin yo'lovchi poezdlar qatnovi yo'lga qo'yilgan. Temir yo'l transporti orqali bir sutkada 25 000 dan ziyod yo'lovchi o'z manziliga yetkazib qo'yilmoqda.

    Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi shaharlarga nafaqat “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdi, balki boshqa yo'lovchi poezdlarda ham harakatlanish mumkin.

    Yo'lovchi poezdlarga chiptalar 45 kun oldindan sotuvga chiqariladi, shu muddatda yo'lovchilar chiptalarni chiptaxonalarda yoki elektron tarzda rasmiylashtirishlari mumkin.