Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyevaning taʼkidlashicha, 18-19-20 va 22-mart kunlari DXM hamda IIBB YHXB boʻlimlari tomonidan eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunaga almashtirish mumkin.
Avvalroq eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga almashtirilishi lozimligi maʼlum qilingandi:
- 2010-yilgacha berilganlari – 2023-yil 31-martgacha;
- 2010 – 2012-yillarda berilganlari – 2023-yil 30-iyungacha;
- 2013 – 2015-yillarda berilganlari – 2023-yil 30-sentyabrgacha;
- 2015-yildan keyin berilganlari – 2023-yil 31-dekabrgacha.
Shu oʻrinda 2023-yil 31-mart kuni eski guvohnomalarni almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanishi, 2010-yilgacha berilgan eski “prava”lar haqiqiy emas deb hisoblanishi va belgilangan muddatda hujjatini almashtirmaganlar sonining koʻpligini hisobga olgan holda 18-19-20 hamda 22-mart kunlari DXM hamda IIBB YHXB boʻlimlari tomonidan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish imkoni yaratildi.
Buning uchun ish grafigi mehnat qonunchiligi doirasida qayta koʻrib chiqildi.
Bunda, yuqorida qayd etilgan kunlarda DXMlar hamda IIBB YHXB boʻlimlari orqali haydovchilarimiz ertalab soat 9:00dan kechgi soat 18:00 gacha xizmatdan foydalanishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, eski namunadagi “prava”ni yangisiga almashtirish uchun nafaqat DXMlarga yoki IIBB YHXB murojaat qilishingiz balki uydan turib YAIDXP buyurtma berishingiz mumkin.
Joriy yil fevraldan boshlab hozirgi kunga qadar 5 500 dan ortiq fuqaro ushbu taklif etilayotgan tartibdan foydalangan holda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirgan (pochta orqali uylariga yetkazib berilgan).
Maʼlumot uchun:
Bugungi kunga kelib 2010-yilgacha berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim boʻlganlar soni 200 mingdan ortiqni,
2010–2012-yillarda berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim boʻlganlar soni 100 mingdan ortiqni,
2013–2015-yillarda berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim boʻlganlar soni 150 mingdan ortiqni,
2015-yildan keyin berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim boʻlganlar soni 150 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda.
Joriy yilda 600 mingdan ortiq eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagisiga almashtirilishi lozim.
Hurmatli fuqarolar!
Adliya vazirligi davlat xizmatlarini taqdim etish jarayonida qulayliklarni yaratishda davom etadi.
Sizlardan ham xizmatlardan foydalanishda tartibni saqlashingizni, navbatga rioya qilishingizni hamda oʻzaro hurmatni saqlab, sabrli boʻlishingizni soʻrab qolamiz.









