Gap shundaki, hukumat qarori bilan kelasi yildan kuchga kiradigan yangi amaliyot — mustaqil tayyorlanish orqali ayrim toifadagi haydovchilik guvohnomalarini olish mumkinligi, ayrim toifalar uchun esa avtomaktablarda faqat amaliy mashgʻulotlarni majburiy oʻtash tartibini yurtdoshlarimiz turlicha talqin qilmoqda. Hatto 2026-yildan avtomaktabda oʻqimay ham haydovchilik guvohnomasini olish mumkin degan xabarlar tarqaldi.
Buni eshitganlarning koʻpi endi haydovchilik guvohnomasi olish oson boʻlishi, buning uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflashga toʻgʻri kelmasligini quvonib gapirayotgan boʻlsa, baʼzilar yaqindagina avtomaktabda oʻqiy boshlagani va bir oz shoshib qolgani, ilgariroq xabar topganida haydovchilik guvohnomasi olishni kelasi yilga qoldirgan boʻlishini afsus bilan maʼlum qilmoqda.
Xulosa chiqarishga hali erta. Boisi, haydovchilarni tayyorlash majburiy oʻquv dasturini oʻtamay turib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish hamda milliy haydovchilik guvohnomasini olish huquqi faqat “A1” toifa uchun amal qiladi. Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25-oktyabrdagi “Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan 2026-yil 1-yanvaridan kuchga kiradi.
— Shu sanadan boshlab yurtimizda “A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi, — deydi Respublika Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati boshligʻi Zoyir Yoʻldoshev. — Mazkur toifa moped va skuterlarni boshqarish huquqini beradi. Belgilangan tartibga koʻra, ushbu toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktablarda oʻqish shart emas. Talabgorlar oʻz ixtiyoriga koʻra oʻquv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) oʻqishi yoxud mustaqil tayyorlanishi mumkin. Ularga nazariy va amaliy imtihonlarni toʻgʻridan toʻgʻri topshirish huquqi beriladi.
2026-yil 1-fevraldan boshlab esa “A” va “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishda ham yangi tartib joriy etiladi. Fuqarolar oʻquv dasturining nazariy qismini mustaqil oʻzlashtirishi mumkin va buning uchun avtomaktablarda oʻqish majburiy boʻlmaydi. Biroq bu odamlar notoʻgʻri talqin qilayotganidek “A” va “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini ham avtomaktabda oʻqimasdan turib olish mumkin, degani emas. Avtomaktablarda oʻqish talabi bekor qilinmadi. Yangi tartib faqat nazariy mashgʻulotlarni mustaqil oʻzlashtirish mumkinligini nazarda tutadi. Amaliy mashgʻulotlarni esa majburiy oʻquv dasturi asosida toʻliq oʻtash zarur. Ushbu maʼlumotlar elektron shakllantiriladi.
Oʻqish talabi toʻliq bekor qilinmadi
Joriy yil 1-martdan mamlakatimizda moped va skuterlar ham transport vositalari qatoriga qoʻshildi hamda avvalgidek velosiped yoʻlaklarida emas, balki avtomobil yoʻlida harakatlana boshladi. Ayni shu vaqtdan boshlab ushbu turdagi transport vositalarini boshqaruvchilardan “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab etilishi belgilangan. Shu asosda moped va skuterlarni ham davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda ularga alohida farqlovchi davlat raqam belgilarini berish ishlari davom ettirilyapti.
Ochigʻi, bu talab haligacha keng muhokamalarga, ayrim odamlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgandi. Asosiy masala haydovchilik guvohnomasini olish xarajati bilan bogʻliq. Bir tomondan, bu chiqim moped va skuterlarning narxidan ham yuqori boʻlishi mumkinligi odamlarni oʻylantirgani rost. Boisi, moped va skuter boshqaruvchilarning koʻpi nisbatan arzon ushbu transport vositasidan tirikchilik manbai sifatida foydalanadi. Uni boshqarishga haydovchilik guvohnomasini olish esa ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladi.
Vaholanki, ushbu turdagi transport vositalarini boshqaruvchilar milliy haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlishi majburiy etib belgilangan. Bu qaror, avvalo, xalq manfaati, haydovchi va yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilinganini koʻpchilik yaxshi tushunadi va qoʻllab-quvvatlaydi. Moped va skuterlar boshqa transport vositalari kabi avtomobil yoʻlida harakatlanar ekan, qoidalarga barcha qatori amal qilishi zarur. Haydovchilik guvohnomasini olgan fuqaro esa yoʻl qoidalarini biladi va ularga amal qiladi. Moped va skuterlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazib, davlat raqam belgilarini berish ham xavfsizlikni taʼminlash choralari bilan bogʻliq. Xususan, ushbu turdagi transport vositalarining texnik sozligini tekshirish, ular bilan bogʻliq oʻgʻrilik jinoyatlarining oldini olish va hokazo holatlar hisobga olingan.
Xullas, moped va skuter boshqaruvchilarning milliy haydovchilik guvohnomasini olishi talabi bekor qilinmadi. Faqat tegishli qaror bilan ular uchun alohida “A1” toifa joriy etilib, ushbu toifadagi milliy haydovchilik guvohnomasini olishda yengillik yaratilmoqda. Taʼkidlanganidek, “A1” toifani olish uchun fuqarolar avtomaktabda oʻqishi shart emas. Mustaqil tayyorgarlik asosida toʻgʻridan toʻgʻri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi mumkin. Buning uchun oʻquv markazida tahsil olganlik toʻgʻrisidagi hujjat talab qilinmaydi.
Ammo mustaqil tayyorlanish imkoniyati istalgan yoshda imtihon topshirib, milliy haydovchilik guvohnomasini olish mumkinligini anglatmaydi. Boshqa avtotransport vositalari kabi moped va skuterni boshqarishda ham belgilangan yosh chegaralari mavjud. Mutaxassislarning maʼlumot berishicha, bugun yurtimizda “A” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlish uchun talabgorlar 16 yosh, “B” va “S” toifalari uchun 18 yosh, “D” toifasi uchun esa 21 yoshga toʻlgan boʻlishi lozim. Shundagina imtihon topshirishga ruxsat etiladi.
“A1” toifadagi milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun qancha vaqt tayyorlanish talabgorning ixtiyorida. Imtihon topshirishga tayyor boʻlganlar tegishli tartibda YHXX hududiy boshqarmalarining imtihon olish boʻlinmalariga murojaat qilishi mumkin. Nazariy imtihonda 20 ta test savoli beriladi. Boshqa toifalardan farqli ravishda 18 ta emas, kamida 16 tasiga toʻgʻri javob bergan nomzodlar nazariy imtihonni topshirgan deb hisoblanadi va amaliy imtihonga qoʻyiladi. Har ikki turdagi imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga “A1” kichik toifaga kiradigan transport vositalarini boshqarish huquqi aks etgan milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi.
Tartibga koʻra, “A”, “B”, “S”, “D” toifalardagi avtomototransport vositalaridan birini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar “A1” kichik toifasidagi avtotransport vositalarini toʻgʻridan toʻgʻri boshqarishi mumkin. Ammo hech qaysi toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmaganlar toki uni olmaguniga qadar moped yoki skuterlarni boshqarmagani maʼqul. Boisi, ulardan belgilangan tartibdagi milliy haydovchilik guvohnomasi soʻraladi. Ushbu transport vositalarini ijaraga olish yoki berishda, ishonchnoma orqali boshqarganda ham davlat raqami belgilari boʻlishi zarur. Aks holda, haydovchiga jarima solinadi.
* * *
Shunday qilib, kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab moped va skuter haydovchilari mustaqil tayyorgarlik asosida milliy haydovchilik guvohnomalarini olishi mumkin.
Nazarimda, bu koʻplab odamlar kutayotgan amaliyot. Ayniqsa, tirikchilik qilish maqsadida olingan kichik toifadagi transport vositasi haydovchilari endi haydovchilik guvohnomasi olish xarajati haqida ham bosh qotirmaydi.
— Talabaman. Oʻqishdan boʻsh vaqtimda daromad topish uchun muddatli toʻlov asosida skuter sotib olganman, — deydi Akrom Nazarov. — Eltib berish xizmatida ishlayman. Daromadimni skuterning har oylik toʻloviga sarflayman. Ochigʻi, haydovchilik guvohnomasini olish kerakligi meni ancha oʻylantirayotgan edi. Toʻgʻri, yoʻlda harakatlanganda qoidalarga amal qilishimiz zarur, ammo avtomaktabda oʻqish uchun hech pul orttira olmayapman. Kelasi yildan oʻqimay turib imtihon topshirish mumkinligini eshitib juda xursand boʻldim. Imtihonlarga jiddiy tayyorlanib, bir martadayoq muvaffaqiyatli oʻtishni niyat qilganman.
Yangi tartibning amaliyotdagi ijobiy yoki salbiy jihatlari borasidagi fikrlar alohida masala. Ochigʻi, “oʻqimay turib haydovchilik guvohnomasi olish” degan jumlaning oʻziyoq odamni xavotirga soladi. Ayniqsa, borgan sari yoʻllarda transport vositalari soni ham, ular bilan bogʻliq qoidabuzarliklaru avtofalokatlar koʻpayib borayotgan bir vaqtda haydovchilarning intizomli harakatlanishi yoʻl qoidalarini yaxshiroq bilishiga bogʻliqdek. Ammo bunga milliy haydovchilik guvohnomasini olishni qiyinlashtirish orqali erishib boʻlmaydi.
Bizningcha, haydovchilik guvohnomasi olish tartibini emas, talablarini qatʼiylashtirish toʻgʻriroq boʻladi. Talabgor qayerda, qanday oʻqiganidan qatʼi nazar, tegishli bilim va koʻnikmaga ega boʻlishi hamda imtihonlardan oʻta olishi muhim. Jahon amaliyotida ham mustaqil oʻrganish tajribasi mavjud va deyarli barcha yoʻnalishda keng ommalashgan. Bu talabgorlarning masʼuliyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Nomzod imtihondan oʻtishni istasa, yanada jiddiy oʻqib-oʻrganadi, haydovchilik guvohnomasini shunchaki ololmasligini his etadi. Yoʻllardagi qoidalarga amal qilish masʼuliyati yanada ortadi.
Qoidabuzarliklar uchun jarima talablarining doimiy qatʼiylashtirib borilayotganidan koʻzlangan maqsad ham shu. Ayni paytda “jarima ballari” degan tushuncha koʻpchilikka yaxshi tanish. Allaqachon amaliyotda qoʻllanayotgan bu tartib YPX xodimlari tomonidan qayd etilgan qoʻpol qoidabuzarliklarga nisbatan amal qilayotgan edi. 2026-yil 1-apreldan esa maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanishi eʼlon qilindi.
Amaliyot hukumatning tegishli qarori bilan kuchga kiradi va jarima ballari transport vositasining mulkdori hamda mazkur transport vositasidan fuqarolik huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda ishonchnoma, sugʻurta polisi, yoʻl varaqasi orqali foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlanadi. Amaliyotdan koʻzlangan maqsad esa yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda yoʻllarda oʻlim holatlarining oldini olishga qaratilgani bilan izohlanmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri







