Bayram kunlari isteʼmolchilar elektr va gaz boʻyicha qarzdorlik uchun tarmoqdan uzib qoʻyilmaydi — Energetika vazirligi

    Energetika 28 Dekabr 2022 941

    Energetika vazirligi tizimda faoliyat yuritayotgan barcha korxonalar bayram kunlari isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilayotganini maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, neft-gaz va koʻmirni qazib chiqarish, elektr energiyasi hamda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha korxonalarda maxsus shtablar tashkil etilgan.

    Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalar va markazlar barqaror ishlashini taʼminlash uchun kuniga oʻrtacha 47-48 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shuningdek, stansiyalar uchun 70 ming tonna mazut va 230 ming tonna koʻmir yoqilgʻisi zaxirasi yaratilgan. Hududlardagi barcha koʻmir omborlariga koʻmir mahsulotini uzluksiz yetkazib berilishi taʼminlanadi.

    Bayram kunlari isteʼmolchilarga kuniga oʻrtacha 155 mln kub metr tabiiy gaz, 2 ming tonna suyultirilgan gaz, 5000 tonna avtobenzin, 5000 tonna koʻmir hamda 235 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

    Energetika vazirligining qoʻshimcha qilishicha, bayram kunlari isteʼmolchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorlik uchun tarmoqdan uzib qoʻyilmaydi.

    Isteʼmolchilar elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Feysbuk ijtimoiy tarmogʻidagi guruhga hamda koʻmir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot telegram botga murojaat qilishlari mumkin.