- Chogʻroqqina hovlida oʻgʻillarim, kelinlarim, nevaralarim bilan katta bir oila boʻlib yashardik. Aslida, farzandlarimning yonimda birga yashashi men uchun bagʻri butunlik. Ammo yosh oilalarga toʻkis sharoit zarur. Shu bois, ularga alohida uy olishimiz kerak, deb oʻylab qolardim. Yangi uyga kichik oʻgʻlim oilasi bilan koʻchib oʻtdi. Xonadonidagi sharoitlardan juda xotirjam boʻldim. Eng muhimi, bayramni yangi uyda kutib olish baxti nuridiydalarimga nasib etdi. Nevaralarimning quvonchi hozirdan ichiga sigʻmayapti. Yetkazganiga, koʻrsatganiga shukr! – deydi nafaqadagi oʻqituvchi Mohima opa Ergashova.
Prezidentimiz 2021-yil yanvar oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida Turkmanistonga chegaradosh hudud – Qorakoʻl va Gʻijduvon tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shundan soʻng nafaqat mazkur tumanlar, balki butun viloyat ulkan qurilish maydoniga aylanib ketdi.
— Yangi yil bayrami arafasida viloyatimizda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik qator obyektlar qurib bitkazildi. Aholi talabini qondirish maqsadida 2023-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 720 xonadondan iborat 36 ta koʻp qavatli uy barpo etish nazarda tutilgan, — deydi Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi Soyib Jumayev. — Bugunga qadar 17 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. Soʻnggi 7-yil davomida Buxoro viloyatida qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 2,8 trillion soʻmdan 2022-yilda 8,4 trillion soʻmga, joriy yilning birinchi yarmida esa 4,7 trillion soʻmga yetdi. Shu yilning oʻzida Gʻijduvon va Qorakoʻl tumanlaridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlari hamda uy-joyga talab yuqori boʻlgan boshqa hududlarda 2,3 ming kvartiraga ega 87 ta uy-joy barpo etilayotir.
Bolaligimning begʻubor kunlari oʻtgan, oʻzim kamolga yetgan tumanda yaqin yaqingacha bittagina kinoteatr va xiyobondan boʻlak biror xushmanzara maskan yoʻq edi hisob. edi. Yoz oylarining jazirama taftida bir oz boʻlsada tin olinadigan kichik fontan ham allaqaysi amaldorning xohish irodasi bilan butunlay yoʻq qilib yuborildi. Butun boshli tuman yillar davomida eʼtiborsizlik sabab koʻrimsiz va fayzsiz manzilga aylanib qolaverdi. Qorakoʻlning soddagina mehnatkash xalqi esa, bu yerda shaharliklarday barcha qulayliklarga ega uylarda yashashni xayoliga ham keltirmagandi.Faqat soʻnggi yillardagi izchil oʻzgarishlar va yangi loyihalar chekka tumanga muhtasham hayot nafasi olib kirdi.
– Bugun Qorakoʻl ijobiy oʻzgarishlar oqimida yuksalib, har jabhada ilgʻor va ildamlab borayotgan tumanlardan biri. Zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan oʻquv maskanlari, dunyo standartlariga javob beradigan tibbiyot muassasalari, yangilanib borayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi, – deydi Qorakoʻl tumani hokimi Xurshid Tohirov. – Hududimizda “Yangi Oʻzbekiston” massivi qadrostladi. Bu inshootlarning aynan yil yakunida topshirilishi qanchadan-qancha oilalarga shodu xurramlik bagʻishladi. Yangi massivdagi 240 ta xonadonga moʻljallangan koʻp qavatli 12 ta zamonaviy turar joy majmuasiga oilalar koʻchib oʻtdi. Kelgusi besh yil davomida esa bu yerdagi koʻp qavatli uylar soni 70 taga, xonadonlar esa 1400 taga yetkaziladi. Oʻtgan davr mobaynida massivda 330 oʻringa moʻljallangan maktab, 240 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, davlat-xususiy sheriklik asosida yana 120 oʻrinli zamonaviy bolalar bogʻchasi va yuz qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika ham qurib bitkazildi. Joriy yil oktyabr oyida “Yangi Oʻzbekiston” massivida 53-umumtaʼlim maktabi ochildi. Taʼlim muassasasida barcha imkoniyatlar mavjud. Oʻquvchilar uchun kasb-hunar ustaxonalari bilan birga maktab hovlisidagi boʻsh maydonda zamonaviy issiqxona ham barpo etilgan. Ushbu gidroponik issiqxonada ayni qish pallasida pomidor va boshqa sabzavotlardan moʻl hosil olinmoqda.
Yaqin-yaqingacha bunday sharoit va imkoniyatlarning oʻndan biri ham boʻlmagan esa-da, qorakoʻllik oʻquvchilar bilimi nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyo miqyosida ham eʼtirof qozongandi. Endi esa yangi bunyod etilgan taʼlim muassasalarida toʻkis sharoitlar bisyor.
– Yangi turmush mahallasidan bu shaharchaga koʻchib keldik. Oʻqituvchilar sulolasi vakillarimiz. Oʻzim ham koʻp yillar yoshlarga saboq berib, nafaqaga chiqqanman, – deydi yangi xonadon bekasi Gulshoda Erniyozova. – Ikkinchi guruh nogironiman. Sogʻligʻim pand berib turgani bois, tez-tez davolanishga muhtoj edim.
Qishloqdan tumangacha ancha yoʻl. Shifoxonaga qatnash bir oz qiyin edi. Turmush oʻrtogʻim va farzandlarim bilan maslahatlashib, shu yerdan uy sotib olishga qaror qildik. Bahosi 280 million soʻm boʻlgan ikki xonali xonadonni 32 million soʻm boshlangʻich toʻlovini toʻlab xarid qildik. Qolgani 20-yil muddatga kredit shartnomasi asosida toʻlanadi. Yangi Oʻzbekiston uylari oʻz nomiga munosib boʻlishiga ishonaman.
Yana bir yangilik. Massivga tutash hududda “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, bu yerda qiymati 4 milliard AQSH dollariga teng istiqbolli biznes loyihalar joylashtirilmoqda. Umuman, Qorakoʻl tumanining tom maʼnodagi kelajagi boʻladigan mazkur loyihalar roʻyobi tufayli hududda oʻnlab oilalar moddiy manfaatdorligi taʼminlanadi. Yangi yil eshik qoqib, bayram nafasi ufurib turgan pallada chekka va olis manzillarda qad rostlayotgan yangi inshootlar hududlar meʼmoriy qiyofasini oʻzgartiribgina qolmay, aholi turmush darajasi yanada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri