Beda urugʻidan protezgacha...

    Bulungʻur tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilgan G.D ning maʼlum qilishicha, 2022-yil 15-fevral kuni tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari kelgan.

    Ular “Gaz hisoblagichingiz eski, yangisini almashtirib beramiz. Shu bilan eski gaz hisoblagichingizning hisob raqami yangisiga oʻtadi”, degan. isteʼmolchi rozi boʻlgach, yangi gaz hisoblagich oʻrnatilgan. Biroq oradan bir kun oʻtib, fuqaroning qoʻl telefoniga gazdan 589 833 soʻm qarzdorligi mavjudligi haqida xabar kelgan. Murojaat oʻz vaqtida oʻrganildi va ijobiy yechim topdi.

    Nosoz konditsioner yangisiga almashtirildi

    Pastdargʻom tumani “Kichik Naymancha” MFYda yashovchi M.H bu yil 4-mart kuni Samarqand viloyati hokimining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ariza qoldirgan. Unga koʻra, isteʼmolchi bir yil oldin Pastdargʻom buyum bozorida joylashgan “Savdo servis” doʻkonidan 3 yil kafolati bilan 5 million soʻmga konditsioner xarid qilgan.

    Konditsioner shovqin chiqarib ishlagani uchun fuqaro ishlab chiqaruvchi korxonaning servis xizmatiga murojaat qilgan. Servis xodimlari kelib, baʼzi ehtiyoj qismini almashtirib ketgan. Biroq shundan soʻng ham oʻzgarish boʻlmagan.

    Ushbu murojaat Pastdargʻom tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan vakolat doirasida oʻrganilib, ikkala tomonga kerakli tushuntirish berildi. Natijada fuqaro bir yil oldin xarid qilgan havo sovitkich yangisiga almashtirib berildi.

    “Yangi tish” mojarosi

    Jomboy tumani Alisher Navoiy MFYda yashovchi B.S bu yil 28-mart kuni tumanning Beruniy koʻchasida joylashgan “Sadaf” stomatologiya poliklinikasi tish shifokori bilan ikki million soʻmlik yumshoq protezli tish qoʻydirishga kelishib, pulni toʻlagan. Biroq shifokor kelishilgan yumshoq protezli tish emas, aksincha qattiq protezli tish qoʻyib bergan.

    Holat tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan tegishli tartibda koʻrib chiqdi. Har ikki tomonga ham kerakli tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada isteʼmolchiga yumshoq protezli tish oʻrniga qattiq protezli tish qoʻygani uchun ikkala mahsulotning narxi boʻyicha tafovutga aniqlik kiritilib, isteʼmolchiga 1 million soʻm qaytarib olib berildi.

    Dehqonni qiynagan muammo

    Bulungʻur tumani “Kaftarxona” MFYda yashovchi A.J “Dehqon bozori” MCHJ hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan sotuvchidan oʻtgan yili oktyabr oyi oxirida 40 kg beda urugʻini 1 200 000 soʻmga xarid qilgan. Urugʻni ekib sugʻoradi. Ammo kutilgan natijaga erishmaydi. Buning sababini izlagan dehqon beda urugʻi toza emasligini bilib qoladi.

    Shundan soʻng bu yil 7-aprel kuni tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qiladi. Jamiyat xodimlari murojaat yuzasidan oʻrganish davomida haqiqatan ham beda urugʻi deb sotilgan urugʻ toza emasligi, har xil urugʻlar beda urugʻi deb aldab sotilayotganini aniqladi.

    Tadbirkorga qonuniy tushuntirish ishlari olib borilgach, toza beda urugʻidan 20 kg isteʼmolchiga ekish uchun berildi, deyiladi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.