AQSHda boʻlib oʻtgan ushbu jangda Bektemirga mezbon sportchi Morgan Fitch (19-5-1, 8 KO) raqiblik qildi. Jang 8 raundga moʻljallangandi. Biroq toʻqnashuv 3-raunddayoq yakuniga yetdi. Bektemir dastlabki 2 raundda Fitchning tana qismiga ogʻriqli zarbalar yoʻlladi. Uchinchi raundda esa Oʻzbekistonlik bokschining raqibning tana qismiga yoʻllagan navbatdagi zarbasi chuqur nokaut holati uchun yetarli boʻldi.

Shu tariqa, Bektemir Meliqoʻziyev professional boksdagi yettinchi jangdagi yettinchi gʻalabasini tantana qildi. Fitch uchun esa bu faoliyatidagi beshinchi magʻlubiyat boʻldi.

Taʼkidlash joiz, mazkur musobaqada yana bir Oʻzbekistonlik bokschi Elnur Abduraimov ham jang qilishi belgilangan edi. Biroq uning raqibi Deyvi Xulio belgilangan muddatga qadar komissiya tasdigʻidan oʻta olmagani bois jang bekor qilingan.

Eslatib oʻtamiz, Bektemir Meliqoʻziyev aslida 30-yanvar kuni yarim ogʻir vazn toifasida WBA Super, IBO,WBO chempionlik kamarlarining sobiq sohibi, rossiyalik Sergey Kovalyov (34-4-1, 29 KO) bilan jang qilishi lozim edi. Biroq Kovalyovda doping aniqlangani bois jang bekor qilingan edi.