Joriy yilning aprel oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taklif etilgan “Toshkent shahar Bektemir tumanida Smart siti barpo etish” investitsiya loyihasi  bosh rejasi va texnik iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish uchun Koreya hukumatining texnik yordami ajratilishi koʻzda tutilgandi.

Hozirgi kunda loyihani amalga oshirish doirasida Koreya tomonidan Korea Land & Housing Corporation konsorsiumi tashkil etilgan boʻlib, Toshkent shahar Bektemir tumanida 400 gektar maydonda barpo etiladigan Aqlli shahar bosh rejasi va texnik iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish boʻyicha dastlabki ishlar boshlangan.

Uchrashuv loyihaga rasmiy start beruvchi hamkorlik memorandumini imzolash hamda loyiha doirasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha fikr almashish maqsadida oʻtkazildi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik oʻz faoliyati doirasida xalqaro hamkorlar bilan turli yoʻnalishlarda ishonchli aloqalarni yoʻlga qoʻyib, samarali ishlar olib borilayotgani, bugungi kunda respublikada xorijiy davlatlarning muvaffaqiyatli amaliyotiga asoslangan Aqlli shahar dasturini amalga oshirish, milliy infrastrukturani rivojlantirish, xalqaro investitsiya loyihalarini amalga oshirish, samarali yondashuvlar va mexanizmlar integratsiyalashuvi vazirlikning oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, mazkur uchrashuv mamlakatimizda shaharsozlik va uy-joy sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirilishiga sezilarli hissa qoʻshishini aytib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hozirda aqlli shaharsozlik va infratuzilmani rivojlantirish sohasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yoʻlida faol qadamlar tashlamoqda.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov oʻz soʻzida Toshkent shahrining Bektemir tumanida “Smart citi” qurilishi mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga egaligi, u Bektemir tumanidagi ijobiy oʻzgarishlar katalizatori boʻlib xizmat qilishi va soʻzsiz respublika innovatsion infratuzilma rivojiga katta hissa qoʻshishini aytib oʻtdi.

Oʻz navbatida Koreya Yer va uy-joy korporatsiyasi vitse prezidenti Yun Xyo Gyon xonim Koreya Yer va uy-joy korporatsiyasi Aqlli shaharlar qurish boʻyicha Janubiy Koreyaning xalqaro tajribaga ega yetakchi kompaniyalardan biri ekanligi va Bektemir tumanida qurilishi rejalashtirilgan Aqlli shahar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yana bir bosqichga koʻtarishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakuni bilan tomonlar oʻrtasida shaharsozlik va uy-joy sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tomonlar ushbu hamkorlik ikki mamlakat aloqador davlat organlari, tashkilotlari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion rivojlanishning asosiy mezonlaridan biri boʻlgan shaharsozlik infratuzilmasini rivojlantirishga innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasidagi aloqalarini mustahkamlashiga ishonch bildirdi.