Belarus bilan oʻzaro hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi

    Biznes 1 Fevral 2024 786

    Joriy yil 31-yanvar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Belarus Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Leonid Marinichni qabul qildi.

    Joriy savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, shuningdek, II Mintaqalararo Oʻzbekiston-Belarus forumi va boshqa yirik tadbirlarni Toshkent shahrida oʻtkazishning tashkiliy jihatlari muhokama etildi.

    Forumda Belarusning 150 nafar mintaqaviy vakillari va yetakchi sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etishi kutilyapti. Dastur doirasida Oʻzbekistondagi yirik ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurish, oʻzbekistonlik hamkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish va yangi, oʻzaro manfaatli shartnomalar tuzish koʻzda tutilgan.

    Forum davomida oʻzaro koʻrib chiqish va kelishish uchun taklif etilgan yirik qoʻshma loyihalar salohiyati hamda tadbirni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan boshqa tashkiliy masalalar tahlil etildi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro savdo va sanoat kooperatsiyasi koʻlamini oshirish doirasida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.