“Dunyo” AAning qayd etishicha, tadbirda Yevropa parlamentidagi turli doʻstlik guruhlari aʼzolari va Belgiya biznes doiralari vakillari ishtirok etdi.
Yevropa tashqi harakatlar xizmatining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori oʻrinbosari Lyuk Devin Oʻzbekiston diplomatiya vakolatxonasining har bir tadbiri mazali milliy taomlarsiz oʻtmasligini qayd etar ekan, oʻzbek xalqining boy madaniyati va oshpazlik sanʼatiga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollarining yanada faollashishiga ishonch bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari anʼanaviy oʻzbek taomlaridan bahramand boʻlibgina qolmay, oʻzlari ham ularni bevosita tayyorlash jarayonida ishtirok etdi. Bu esa barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
“YI-Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi bosh kotibi Ipek Tekdemir “bu tadbir orqali biz oʻz hamkorlarimiz bilan ochiq dasturxon atrofida muloqot qilganimiz barobarida oʻzbek pazandachilik sanʼati bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldik”, dedi.
Italiyaning Neapol shahrida tugʻilgan va Oʻzbekistonda ham faoliyat yuritgan mohir oshpaz Jovanni Terracciano tadbir yakunida soʻzga chiqib, mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va Yevropa jamiyati oʻrtasidagi oʻziga xos madaniy almashuvlardan biri boʻlganini qayd etdi.