Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston va Belorussiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning boʻlajak 9-yigʻilishi doirasida yirik kelishuvlarga erishishdan oʻzaro manfaatdorligini bildirdilar. Bu, oʻz navbatida, savdo-iqtisodiy hamkorlik, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, transport, taʼlim, ilmiy-texnik faoliyat, madaniy-gumanitar hamkorlik va turizm sohalaridagi oʻzaro munosabatlarni kengaytirishga imkon beradi.
Joriy yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari, rangli metallar, toʻqimachilik, kimyo va neft mahsulotlari, yogʻoch va qora metallar oʻzaro yetkazib berish hisobiga tovar aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga oʻsib, 250 million dollardan oshdi. Yetkazilayotgan tovarlar nomenklaturasini yanada kengaytirish va oʻzaro savdo hajmini oshirish maqsadida tomonlar qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni imzolashga qaror qildilar va ikki mamlakat hududida savdo-logistika markazlarini, savdo uylarini va ular qoshida doimiy faoliyat koʻrsatayotgan «shov-room»larni tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrishga kelishib oldilar.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari ham muhokama etildi. Belarus kompaniyalariga farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda Belarus traktorlari, shuningdek, tijorat, yoʻl-qurilish va qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.
Tomonlar tayyor qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun qoʻshma fermer xoʻjaliklarini tashkil etish, shuningdek, «Agroekspress»loyihasining mavjud resurslari va imkoniyatlari asosida Belorussiya bozoriga oʻzbek meva-sabzavot mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Muzokaralar yakunida oʻzaro munosabatlarni chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.