Savollarga akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jarrohi, professor Mirshavkat Akbarov javob berdi.
– O‘t pufagi jigarga birikkan kichik qopcha, — deydi mutaxassis. — U o‘zida safro yig‘ib, ovqatlanish payti bu suyuqlikni 12 barmoqli ichakka haydab beradi. Safro esa tanamizga oziq-ovqat bilan kiradigan yog‘larni qayta ishlash va ichak mikroflorasini meʼyorlashtirishga yordam beruvchi murakkab suyuqlikdir.
Agar u dimlansa yoki tarkibi o‘zgarsa, o‘t yo‘llarida turli noxushliklar yuzaga kelishi va tosh paydo bo‘lishi mumkin.
Bu kasallikdan ko‘proq ayollar va ortiqcha vaznli insonlar azob chekadi. Shuningdek, o‘tirib ishlashga odatlangan odamlarda ham mazkur xastalik ko‘p kuchraydi. Sababi, ular tanasida bunday nosog‘lom hayot tarzi tufayli moddalar almashinuvi susayadi.
Qolaversa, pala-partish ovqatlanadigan, yog‘li va tarkibida xolesterin miqdori yuqori bo‘lgan yeguliklarni xush ko‘ruvchilar ham asosiy xavf guruhiga kiradi. Chunki ularda ko‘pincha ovqat hazm qilish jarayoni buziladi.
Tarkibi asosan xolesterin, bilirubin va kalsiy tuzlaridan iborat toshlar o‘t pufagining meʼyorida ishlashiga xalaqit beradi. Bu esa tanada safro to‘planib qolishiga olib keladi.
Baʼzida turli omillar tufayli toshlar safro yo‘liga turib, suyuqlik chiqishini butkul yopib qo‘yadi. Natijada o‘t ajralishi buziladi. Pufak devorlari qalinlashib, bemor kuchli og‘riq his qiladi.
Vaqtida davolanmaslik oqibatida ayni holat o‘t pufagi yallig‘lanishiga olib keladi. Eng yomoni, bu jarayon yaqin-atrofdagi aʼzolar — oshqozonosti bezi, o‘n ikki barmoqli ichak va meʼdaga ham tarqalishi mumkin.
Biroq toshlar safro yo‘lida turib qolmagan bo‘lsa, odam u haqida umr bo‘yi bilmasligi mumkin. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, bunday bemorlarning 20 foizi o‘t qopida tosh borligini sezmaydi. Buning sababi u aksariyat hollarda og‘riq bermaydi.
Ayrim bemorlar esa “jigarim og‘riyapti”, degan shikoyat bilan shifokorga murojaat qiladi. Yana bir holat — baʼzi insonlar o‘ng qovurg‘a ostini ko‘rsatib, “shu joyim uyushgandek” yoki “sovuqlik sezyapman” deydi. Zamonaviy ultratovush tekshiruvlari esa bunday hollarga aniqlik kiritib, to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam beradi.