Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanida yashovchi 32 yoshli fuqaro IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada, murojaatchining bemor oʻgʻliga xayriya qilish uchun Telegram kanallarida eʼlon berib, oʻzini Dilshodbek Nodirbekov deb tanishtirgan shaxsdan norozi ekanligi qayd etilgan.

Maʼlum boʻlishicha, bu shaxs bemorlar uchun ehson pullarini yigʻib, tarqatish bilan shugʻullanishini ayolga aytgan.

Soʻng, aldab, unga 200 yuz ming soʻm miqdordagi pullarni “ehson” tariqasida oʻtkazib bergan.

Bir ozdan soʻng u kishi yana koʻp miqdordagi pullarini ehson qilmoqchi ekanligini aytib, fuqaroning bank kartasi maʼlumotlarini soʻrab oladi. Sodda fuqaro unga telefoniga kelgan SMSni ham aytadi.

Natijada, “ishi yurgan” inson jami 9 mln 34 ming soʻm pullarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ehson pullarini oʻzlashtirgan shaxs 17 yoshli Kegeyli tumanida yashovchi, bola ekanligi aniqlandi.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aytib oʻtish lozim, firibgarlik bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln.dan 30 mln.gacha) jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.