Shu bir parcha zamin timsolida siz o‘z xalqingiz, o‘z Vataningizni yanada ko‘p yaxshi ko‘rib ketasiz. Ulug‘larimiz bejiz “Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga”, demaydi. Bu aslida, odamzod bilan umrbod yashaydigan e’tirofdir.

Toshkent viloyatining bir farzandi, ijodkori, mana bugun oqsoqollar safidagi bir vakili sifatida shukr qilamanki, viloyatimizning qariyb har bir qarichi, qishlog‘u qo‘rg‘onlarida, ovullarida bo‘ldim. Kimlar borki, dunyoni aylanib keladi, lekin o‘zi tug‘ilib o‘sgan hudud — tumani yoki viloyati u yoqda tursin, qo‘shni qishloqqa bormagan, yonidagi bog‘u rog‘lar, tog‘u toshlardan bexabar. Kamina ana shunday kimsalar qatorida emasligimdan faxr etaman. O‘zbekistonimizning salmoqli hududlaridan biri bo‘lgan jonajon Toshkent vohasidagi 22 tuman va shaharni baholi qudrat kezdim, aylandim, bugun ular haqida yaxshi bilaman, deyishga haqqim bor.

Ochig‘i, ona Vatanimiz, buyuk xalqimiz hurriyatining qutlug‘ 35 yilligi keng nishonlanayotgan shu ulug‘ kunlarda Bekobod va bekobodliklar haqida ikki og‘iz so‘z aytgim keldi.

Qolaversa, bu yil viloyatimizning qariyb barcha tumani qatori Bekobod tumani tashkil topganiga ham 100 yil to‘libdi. Mard va tanti bekobodliklar uchun bu — qo‘shaloq bayram. Bayramga esa yaxshi tilak¬lar, nurli so‘zlar, duolar yarashadi. Zotan, ijodkorning shirin so‘zi, qalbidan chiqqan pokiza tilaklari to‘yga to‘yonadir.

O‘zimga kelsak, salkam oltmish yildan buyon, ya’ni maktabning yuqori sinfida o‘qib yurgan kezlarimdan beri bekobodliklarning metin irodasi, zahmatkashligi, halol mehnati oldida lol qolib kelaman. Odilona e’tirof etsam, buni men talay yillar o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, kuzatdim, ichida bo‘ldim.

Keling, fikrimni ochiqroq, soddaroq qilib tushuntiray. Maktabni bitirar chog‘imizda oylab Bekobod paxtazorlarida “javlon” urganmiz. Endi o‘zingiz o‘ylang, Parkent qayoqdayu Bekobod qayoqda! Orasi yuz o‘ttiz kilometrdan ko‘p bo‘lsa, ajabmas. Bu o‘z yo‘liga. Ammo birgina Bekobod shamoli nima ekanini o‘sha yillari ilk bor ko‘rib, uning shiddati va shafqatsizligi oqibatida ro‘y bergan holatlarni kuzatib, mahalliy aholining ahvoliga qancha achingan bo‘lsam, jasoratiyu metin irodasi, o‘zini tez tiklab, hayotga muhabbatini aslo so‘ndirmasligiga qoyil qolganman. Paxtazorda ham bir qo‘l bilan boshkiyimni ushlab, ikkinchisida paxta teradigan kunlar bo‘lardi. Aslida, bunday noqulay sharoitda ekin ekish va undan hosil kutishning o‘zi mashaqqat edi...

Oliy o‘quv yurtida kechki bo‘limda o‘qib, kunduzi nashriyotda ishladim. Keyin respublika radiosida faoliyat yuritdim. Tabiiyki, o‘sha yillari terim mavsumi boshlanishi bilan deyarli hammaning hayoti, bebaho umri paxtazorda kechardi, paxtazorga ko‘chardi. Aytmoqchimanki, o‘smirligim va yoshlik yillarimda Bekobodga ko‘p bordim, yashadim. Har safar paxta terish uchun bordim!

O‘sha yillari O‘zbekiston xalq shoirlari Omon Matjon, Usmon Azim, Xurshid Davron, yana o‘nlab ijodkorlar bilan Bekobodga borib, beadoq egatlarda ko‘p egilganmiz. “Parkent tongi” gazetasiga bosh muharrir bo‘lgan kezlarim yana terim mavsumida yo‘lim Bekobodga tushdi. So‘ng Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq tumanlarda ham “oq oltin”ni daftar, ko‘sak tig‘ini qalam qilib, “ijod” qilganmiz. Shu kezlari kaminaga Bekobod tom ma’noda mashaqqatlar maskani, azoblar manzili sifatida ko‘rinardi. Bekobod desa, yuragim bezillar, qalbimning bir cheti uvishar, kayfiyatim tushib ketardi.

O‘shanda bekobodlik bo‘lib yashash uchun chinakam mardlik kerakligini anglaganman. O‘sha davrning dolg‘ali va noinsoniy “paxta siyosati” qullikning ayni shakli ekanini, aslida “ulug‘ og‘a”larning boshqa mamlakatlarga qanday past nazar bilan qarashini ich-ichimizdan his qilsak-da, oyoqlar ostida ezilgan g‘o‘za ko‘sagi singari yuragimizni — butun hayotimizni ularning nopok oyoqlari tagiga to‘shashga go‘yo mahkum etilgandik. Nomi “Bekobod” bo‘lsa ham xalqi na bek, na obod edi. Aksincha “bek”larning manfur ko‘nglini “obod” etishga mustahiq bo‘lgan bebaxt zaminning o‘zginasi edi!

Bu dardu alam, so‘ngsiz iztiroblar bir mening emas, butun bir mamlakat, butun millatning hasratlari, ichini kuydirgan ohu fig‘onlari edi aslida...

Oradan ko‘p yillar o‘tdi, qancha loyqa suvlar oqib ketdi. Bugun buloqlar tiniq, chashmalar sof, ko‘ngillarda hurlik safosi, istiqlol shabbodasi. Endi Bekobodga borsam, go‘zallikka, buyuk bunyodkorliklarga, eng asosiysi, hayotidan rozi odamlar chehrasiga ro‘baro‘ kelaman. O‘zim ham qushdek yengil uchib boraman. U yerdagi hayotga tashna, vatanparvar yurtdoshlarimizdan quvvat, kuch olib, yanada yengillashib qaytaman.

Bularning bari — istiqlolning, mustaqillikning sharofati, shahodati!

Shukr, yaxshi kunlar keldi. Bu achchiq haqiqatning yuzini to‘sib turgan, oq deb yozib qo‘yilgan, asli ko‘mirdek qop-qora azob pardasi yulib tashlandi. Afsuski, biz o‘shandan keyin ham chorak asr davomida ko‘zimizni ochmadik — derazadan shovullab kirayotgan hurlik yog‘dusidan to‘la bahramand bo‘lolmadik — 25 yil yana paxta tashvishi, oq paxtaning qora iskanjasidan qutulolmadik.

Shukrki, Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz rahbari bo‘lgach, ilk islohotlardan biri aynan paxta yakkahokimligidan elni ozod qilish bo‘ldi. Keyingi o‘n yil biz uchun ertaknamo o‘tdi, o‘tmoqda! Aslida, bu ertak emas, biz kutgan kunlar, biz loyiq bo‘lgan damlar edi. Ustoz Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, yelkamizga oftobning tekkani rost bo‘ldi. Bugun O‘zbekiston xalqi boshida, musaffo osmonida ana shu oftob bir yuz o‘ttiz elatu millat boshiga teng nur sochmoqda. Tabiiyki, bu ziyo bekobodliklar qalbini ham, chehrasini ham e’zozga, ehtiromga o‘ramoqda.

Albatta, bu mo‘jaz bitigimda Bekobod tumanidagi ulug‘ bunyodkorliklarning butun haybatu salobatini ko‘rsatolmayman, ta’rifu tavsif etolmayman. Illo, bunga qancha tili toshni yorar ijodkorlar, qancha ulug‘ adiblar jam etilmog‘i joiz. Ammo shu yil 13-iyul kuni Prezidentimiz bilan Bekobod shahriga zamonaviy poyezdda, bitta vagonda borganimiz, Bekobod tumani va shahri aholisi uchun istiqbolda yaratilajak ezgu maqsadlardan boxabar bo‘lganimizni iftixor bilan aytaman.

Bugun Bekobod tumani markaziga kirib borgan inson o‘z ko‘zlariga ishonmaydi. “Nahotki!” deb yuboradi beixtiyor! Ko‘ksi g‘ururdan, iftixordan ham quvonchga, ham nurga to‘ladi. “Bo‘larkan-ku!” degan xitob Bekobod shamoli yetagida butun olamga taraladi.

Bu ulug‘vorliklar o‘z-o‘zidan bo‘lmayapti. Avvalo, Yaratganning bekobodliklarga mehru nazari, qolaversa, xalqning uyushqoqligi, birdamligi samarasidir. Biroq ayon haqiqat borki, uni aytmasak, na insofdan, na adolatdan bo‘ladi. Bu ishlar Prezidentimizning qator-qator qarorlari, ham iqtisodiy, ham ma’naviy, ham madaniy qo‘llab-¬quvvatlashi, tegishli ko‘rsatmalari bilan amalga oshirilayotgani bor gap. Bularning barchasi — davlatimiz rahbarining Bekobod tumanining 100 yilligiga to‘yonasi, sovg‘asi desak, yana ham haq so‘zni aytgan bo‘lamiz. Zero, butun diyorimiz aholisi qatori ¬bekobodliklar ham bugun inson qadriga e’tiborning tom ma’nodagi ijrosini o‘z jismu jonida his qilyapti. Shu bois, tillarda shukrona, tashakkur gullayapti.

Bot-bot yodimizga tushib, tafakkurni tiniqlashtiradigan ibora — “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan xalq naqli qanchalar topib aytilgan-a! Qolaversa, millatparvar, xalqparvar dono rahbarning hayot maktabidan, ish uslubidan bahramand bo‘lgan, ustoz ko‘rgan shogirdlar ham xayrli ishlarni munosib davom ettiradi.

Bugun respublikamizning qaysi viloyati, shahri va tumanida xalqimiz baxtli, saodatli, turmushi farovon bo‘lsa, bilingki, o‘sha joyda el-ulusning davlatdan rizoligini o‘ylab ish yuritayotgan, demakki, Prezidentimizning chinakam shogirdlari xizmat qilyapti! Demakki, shu hududlardagi rahbarlar, hokimlar o‘z o‘rnini topgan! Ularning xalqqa, Vatanga muhabbati cheksiz, sadoqati sobit.

Bu borada keyingi yillarda Toshkent viloyatida viloyat hokimi jonbozligidagi bunyodkorliklar fikrimizning yorqin dalilidir. Ayni paytda Bekobod tumani hokimining jonkuyarlik bilan qilayotgan xayrli ishlari bekobodliklarning hayotga munosabatini o‘zgartiryapti! Xalqning ichiga kirgan, hamisha el bilan bamaslahat ish yuritgan rahbar o‘zini hukmdor emas, balki Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘z xalqining xizmatkori deb biladi. Aslida, muvaffaqiyatlarning oltin kaliti ham shundadir!

Keyingi bir yarim yilda bekobodliklar necha-necha davrlardan beri orzu qilib kelayotgan bunyodkorliklar amalga oshdi. Nafaqat tuman markazi — chekka-chekka qishloqlarda ham oddiy mehnatkashlar uchun yaratilgan qulayliklar, tiklangan inshootlar, ko‘priklar, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar kishini hayratga soladi. Barchasi xalq rizoligini o‘ylab, hududlar ko‘rku jozibasi, sarishtaligiyu ozodaligi, bir gap bilan aytganda, inson qadri uchun qilinayotgan ezgu ishlardir.

Shu o‘rinda yuragimning tub-tubida kechayotgan maftunlik va xayrixohlik hislarini muxtasar qilib, fikrimga xulosa yasasam. Bugun mamlakatimizning barcha aholisi kabi qadrdon bekobodliklar ham Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligini o‘zgacha shukuh, o‘zgacha baxtiyorlik va shukrona bilan kutib olyapti. Binobarin, Bekobod juda katta, g‘oyat ulug‘vor, nihoyatda olamshumul ishlar bo‘sag‘asida turibdi. Shu qutlug‘ kunlar ularga muborak bo‘lsin. Yaratgandan so‘rab niyat qilingan barcha xayrli sa’y-harakatlariga O‘zi rivoj ato etsin. Hurriyatimizga, bugungi obodligu tinchligimizga ko‘z tegmasin! Yangi O‘zbekistonimiz abadiy bo‘lsin!

Bekobod Shamoli

Har yurtning o‘z sharafi, bor turfa tabiati,

Tabiat og‘ushida bordir qancha hikmati.

Bek xalqlarning bekligi xush erur har niyati,

Dilim tilimni nogoh so‘z aytmoqqa undaydi,

Bekobod shamoliga ko‘ksi tog‘lar chidaydi.

Mo‘g‘ultog‘ tizmasining etagi, yaylovida,

Bekobod yuz ochgandir Sirdaryo siylovida,

Temur Malik ot surgan shon tutib jilovida,

Boburdek qalbingizga g‘ayrat tug‘in qadaydi,

Bekobod shamoliga ko‘ksi tog‘lar chidaydi.

Arboblarin sanasam, barmog‘im kamlik qilar,

Olimu fozillari lutfi karamlik qilar,

Adolat maydonida halol hakamlik qilar,

Bekobodni ko‘rmagan endi ko‘rsa yayraydi,

Bekobod shamoliga ko‘ksi tog‘lar chidaydi.

Yurtboshining mehridir istiqbolning ustuni,

Har bitta bekobodlik ko‘p kutdi ushbu kunni,

Yechilmoqda ming-minglab mushkullarning tuguni,

Obod makonga odam havas bilan qaraydi,

Bekobod shamoliga ko‘ksi tog‘lar chidaydi.

Bekobodni bilgaydir Amriqoyu Chinlari,

Bunyodkor xalqin alqab, kelgaydir tahsinlari,

El baxti — baxtim degan Bekobod lochinlari,

To zafar quchmaguncha mard belbog‘in yechmaydi,

Bekobod shamoliga ko‘ksi tog‘lar chidaydi.

Bekobod timsolidir dorilamon zamonning,

Havasini keltirgay bugun jumla jahonning,

Temir irodasidir yangi O‘zbekistonning —

Bekobod bedor ekan, yurt chirog‘i o‘chmaydi,

Bekobod shamoliga ko‘ksi tog‘lar chidaydi.

Mahmud TOIR,

O‘zbekiston xalq shoiri