Beninning yangi tayinlangan elchisi Oʻzbekistondagi vazifasini bajarishga kirishdi

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Beninning yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Andre Akambi Okunlola-Biauni qabul qildi.

    «Beninning Oʻzbekistondagi Elchisi Andre Akambi Okunlola-Biau janoblari bilan uchrashib, uning ishonch yorliqlarini qabul qildik, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram kanalida. – Oʻzbekiston Hukumati Afrika davlatlari bilan har tomonlama aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor.

    Biz hamkorlikning bir qator istiqbolli yoʻnalishlari, jumladan, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sanoatini muhokama qildik. Janob Elchiga mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz».

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Gʻarbiy Afrika mamlakati Benin oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 2005-yil 17-avgustda oʻrnatilgan.