Beruniy nomidagi YUNESKO–Oʻzbekiston xalqaro mukofoti taʼsis etildi

    Sunʼiy intellekt sohasidagi etika boʻyicha tadqiqotlar va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Beruniy nomidagi YUNESKO–Oʻzbekiston xalqaro mukofoti taʼsis etildi.

    Ushbu qaror 2024-yil 22-oktyabr kuni Parij shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida bir ovozdan qabul qilindi.

    Mukofot ikki yilda bir marotaba sunʼiy idrok sohasida odob-axloq va inklyuzivlikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi zalvorli loyihalarga beriladi. Gʻoliblar mustaqil xalqaro hakamlar hayʼati tomonidan saralab olinadi va jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi eʼtirofi ramzi sifatida pul mukofoti, sertifikat va medal bilan taqdirlanadi.

    Ilk taqdirlash marosimi 2025-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtadi, bu esa mazkur tashabbusning Oʻzbekiston va xalqaro hamjamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ifodalaydi.