Oltinsoy tumani “Yakkatut” mahallasida joylashgan “Oʻtkir Tosh Jilosi” fermer xoʻjaligi yer maydoni koʻzdan kechirildi.
Oʻrganish jarayonida, ushbu fermer xoʻjaligi rahbari Oʻ. T fuqaro A.M vositachiligida fermer xoʻjaligi yer maydonida oʻsib turgan koʻp yillik 8 tup eldor qaragʻayi daraxtlarini tumanning “Mirshodi” mahallasida yashovchi fuqaro A.S.ga 5 million soʻmga baholab sotgani aniqlandi.
Fuqarolarning oʻzaro kelishuviga asosan A.S oʻsuvchanligini yoʻqotmagan koʻp yillik noyob daraxt turlariga kiruvchi 8 tup eldor qaragʻay daraxtlarini tag qismi bilan kesib olganligi oydinlashdi.
Fuqarolar bu harakati bilan “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasining talabini buzgan.
Toʻplangan hujjatlar asosida hisob-kitob qilinganda, tabiatga jami 551 100 000 (besh yuz ellik bir million yuz ming) soʻm zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.









