Unga ko'ra, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim va kasb o'rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo'lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarni aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo'yicha ma'lumotlar bazasi yuritib kelinmoqda. Qarorga asosan, mahallalardagi ishsiz xotin-qizlar bandligini ta'minlash maqsadida fuqarolar o'zini o'zi band qilishi uchun keng sharoitlar yaratildi, imtiyozli kreditlar ajratilishi uchun tijorat banklariga tegishli ko'rsatmalar berildi.
Ammo kreditlar ajratilishida ayrim mutasaddilarning mas'uliyatsizligi oqibatida qator kamchiliklarga yo'l qo'yilmoqda, buning oqibatida esa fuqarolar tomonidan turli noroziliklar bildirilmoqda.
Karmana tumani “Talqoq” mahallasida yashovchi fuqaro D.Olimova “Ayollar daftari”ga ro'yxatga olingach, tikuv mashinkasi sotib olish maqsadida 18 million 850 ming so'm miqdorida imtiyozli kredit olish uchun 2021 yil fevral oyida “Agrobank” ATBning Karmana filialiga murojaat qiladi. Oradan 5 oy o'tishiga qaramasdan fuqaroning kredit olish to'g'risidagi murojaati e'tiborsiz qoldirilib, hal etilmasdan kelingan.
Bu haqda fuqaro 2021 yil 13 iyul kuni Karmana tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og'zaki murojaat qilib, amaliy yordam berishni so'ragan. Jamiyat mutaxassislari fuqaroning murojaatini o'rganish maqsadida bank filiali mutaxassislari bilan uchrashib, muzokaralar olib bordi, amaldagi qonunchilik talablari bo'yicha tushuntirishlar berildi.
Natijada bank tomonidan tikuv mashinkalari uchun 18 million 850 ming so'm miqdorida kredit mablag'i ajratilib, ta'minotchining hisobraqamiga ko'chirib berildi – fuqaro tikuv mashinkalariga ega bo'ldi.