Yarim final bahslari juda qizgʻin kechdi. Avval ringga qizlar koʻtarildi.
– 57 kg vaznli bokschimiz Sitora Turdibekova hindistonlik raqibasi Poonamga imkoniyatni boy berib qoʻydi va bronza medali bilan cheklanadigan boʻldi.
– 54 kg vaznda ringga koʻtarilgan Nigina Oʻktamova rossiyalik Anastasiya Kiriyenkoga qarshi jang qildi va 5:0 hisobida gʻalaba qozonib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
–60 kg vaznli bokschimiz Dilfuza Bekova qozogʻistonlik Julduz Shoyaxmetova bilan kechgan jangda yutqazib, Oʻzbekistonga bronza medali bilan qaytadigan boʻldi.
–64 kg vaznli bokschimiz Mohinabonu Abdullayeva latviyalik raqibasi Beatris Rozentalega umuman imkoniyat qoldirmadi. Jang 5:0 hisobida yurtdoshimiz gʻalabasi bilan tugadi.
–69 kg vaznda musobalarda ishtirok etgan Xadichabonu Abdullayeva hindistonlik Arundxati Choudxaridan magʻlubiyatga uchrab, uchinchi oʻrin bilan kifoyalandi.
–75 kg vaznli bokschimiz Sohiba Roʻzmetova ham imkoniyatni boy berdi. U qozogʻistonlik Dana Didayga yutqazda. Shunday qilib, Sohiba terma jamoamizga toʻrtinchi bronza medalini taqdim etdi.
Oʻgʻil bolalar oʻrtasida yarim final janglari ham murosasiz kechdi.
–52 kg vaznda Shahzod Muzaffarov ukrainalik Ruslan Sikaloni magʻlub etib, yigitlarimiz ichida birinchi boʻlib final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
–69 kg vaznda Aʼloxon Abdullayev rossiyalik Chirav Ashalayevga imkoniyatni boy berdi va bronza medali egasiga aylandi.
–81 kg vaznli bokschimiz Shohjahon Abdullayev qiyin kechgan bahsda Chernogoriya vakili Piter Lijesevichdan ustun keldi.
+91 kg vaznda ringga koʻtarilgan Jahongir Zokirov esa Vengriya terma jamoasi aʼzosi Levente Kissni magʻlub etgan holda oltin medal uchun bahsni davom ettiradigan boʻldi.
Shunday qilib, kechagi janglarda beshta bokschimiz oltin medal uchun kurashish huquqini qoʻlga kiritgan boʻlsa, yana shuncha bokschimiz bronza medaliga ega chiqishdi.