Ilk marta Parijda Interkontinental mehmonxonasida Bibixonim koʻylagining tarixiy obrazi tiklanib, defilega qoʻyildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifini yoritishda ishtirok etadigan jurnalist Aziza Qurbonova oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.
«Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Xolida Komilovaning aytishicha, alvon libosning har bir detali ispan sayyohi Klavixo tasvirlagani boʻyicha tikilgan.
Klavixo yozishicha, Bibixonimning koʻylagi nihoyatda muhtasham edi, uni 100 kanizak hamrohlik qilib, koʻylagini koʻtargan.
Bitta libos Amir Temur va Bibixonim hikoyalariga yoʻl ochadi. Fransuzlarga bunday hikoyalarning maftuni ekani bilinib turibdi.
Shu koʻylak bahona ipak, adras, atlas, kashtali milliy liboslarimiz shu yerning oʻzida talash boʻlib sotilyapti, narxi 1000 dollardan boshlanadi», — deydi jurnalist oʻz xabarida.