Bildirilayotgan fikrlarni toʻgʻri tushunib, xulosa qilish zarur

    Fikr 1 Mart 2021 870

    Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosarining aholi qatlamlarida 10 milliard dollar atrofidagi pul “yostiq ostida” ijtimoiy samara keltirmay yotganligi haqidagi fikri juda koʻp munozaralarga sabab boʻlmoqda.

    Ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari tomonidan senator fikri notoʻgʻri talqin qilinib, turli-tuman izohlar bildirilmoqda. Vaholanki, Senat aʼzosi oʻz soʻzida bank va moliya bozorlarimizning bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermasligi oqibatida, birinchi navbatda aynan oʻsha oddiy xalq daromaddan “quruq” qolayotganligini aytgan.

    Boringki, oʻsha 10 milliard dollarning barchasi amaldoru boyvachchalar qoʻlida yoki “yostigʻini ostida” yigʻilib qolgan taqdirda ham, ularni foizu daromadlar bilan qiziqtirib, bu pullarni real iqtisodiyotga jalb etish mamlakat bank-moliya tizimining vazifasi emasmi?! Axir, bu pullar real iqtisodiyotda aylansa, ming-minglab ish oʻrni yaratilib, oʻsha oddiy xalqning foydasiga xizmat qilmaydimi?..

    Oʻzimizda milliardlab pul (valyuta) “yostiq ostida”mi, “sandiqlarda”mi, “qutilarda”mi, “shisha bankalarda”mi, qayerda boʻlmasin - iqtisodiyotda aylanmay, “poʻpanaklab” yotsayu, biz xorijliklardan investitsiyalar, qarzlar, kreditlar soʻrab yursak, qaysi mantiqqa sigʻadi.

    Ijtimoiy tarmoqlardagi lavhalardan birida koʻzim tushdi – bir odam yostigʻini koʻtarib, uni tagida bir necha tangasi borligini koʻrsatib, senator fikrini “mazax” qilyapti. Vaholanki, u avvalo, oʻzini, qolaversa, butun xalqni mazax qilayapti. Chunki agar bank tizimimiz, moliya bozorlarimiz jahon andozalariga mos ishlab, odamlarni oʻsha “bir tanga”sini ham oʻz ixtiyorlari bilan real iqtisodiyotga juda qisqa muddatlarga boʻlsa ham qoʻyishdan manfaatdor qila olganda edi, mamlakatimizda “kambagʻallik” darajasi keskin tushib ketgan boʻlardi.

    Muxtasar qilib aytganda, bildirilayotgan fikrlarni toʻgʻri tushunib, xulosa qilsak, maqsadga muvofiq boʻlardi.

    Zamir XOLMAXMEDOV,

    iqtisod fanlari nomzodi, dotsent.