Feysbukni kuzata turib, yana bir hayotdan koʻngli toʻlmagan bir “bilagʻon”ni fikrlariga koʻzim tushdi va jim tura olmadim.

U kishining iddao qilishlaricha, loʻnda qilib aytganda, Xitoydan olib kelinayotgan elektrobuslarning narxi juda qimmat emish. Keling u kishining yozgan “primitiv” fikrlarini aynan oʻzini keltirsak.

“Hatto gugl nimaligini bilmaydigan Karimov ham nega bitta «Boing” uchoqni toʻrtta “Boing” narxiga olding deb vitse-premyerning yuziga kuldon bilan solgan va Arslon ogʻani turmada chiritgan edi. Hozirgi rahbarning muborak qoʻlinda Oypod¸ oypod ichinda esa har narsani bilguvchi ustod Gugl qori oʻtirgan boʻlsa. Nechun bu razolat, safolat, ziroat va ismat? Youtong elektrobuslarining har birini 300 ming dollardan sotib olishdi. Bu avtobuslarni “Alibobo” saytidan 70 ming dollarga sotib olish mumkin. Qolgan pul qayerga ketdi deb soʻrarsiz? Otkat. Oʻzbek mulozimlari suygan soʻz bu. 637 ta elektrobus sotib olinsa, har biridan 230 mingdan daromad qolsa, bu 146,510,000 dollar boʻladi. @eltuz aldagani oʻzbek yaxshi

Agar feysbukda fikr qoldirgan inson haq boʻlsa, nega maʼlumotni aniq manbasini keltirmagan va xolis fikr bildirmagan?! Qaysidir quruq tanqid ustiga qurilgan, bir burchakda biqinib, faqat Oʻzbekistonga tosh otayotgan internet saytlaridagi mutlaqo asossiz maʼlumotlariga koʻr-koʻrona ishonib, shunday fikrlarni yozganligi koʻrinib turibdi.

Davlat rahbarining barcha shartnomalarni hijjalab koʻrib oʻtirishga vaqti yetmaydi. Bu borada aniq tizim yaratilgan. Yaʼni, davlat byudjeti toʻgʻri sarflanishiga masʼul boʻlgan mutasaddi idoralar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi oldida hisobdor ekanligini unutmaslik kerak. Sir emas, keyingi 5 yilda ushbu tizim faol ishlayapti. Davlat byudjetidan sarflanayotgan har bir tiyin hisob-kitobli.

Shunday ekan, feysbukda fikr qoldirgan insonga qarata shunday deymiz: Nima boʻlganda ham xolis boʻling. Bilib-bilmay igʻvo tarqatmang. Marhamat, fikrlaringiz asosli, aniq manbaga ega boʻlsa – butun olamga jar solmasdan, tegishli idoralarga murojaat qiling. Hech kim sizga toʻsqinlik qilmaydi.

Nodir JUMAYEV,

iqtisod fanlari doktori, professor